O‘zbekiston – Belarus: agrar sohasida hamkorlik kengaymoqda
Davlatimiz rahbarining Belarus Respublikasiga rasmiy davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tayotgan III Belarus va O‘zbekiston hududlari forumining “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat” yo‘nalishidagi yalpi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi ыishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev ishtirok etdi.
Unda ikki mamlakat o‘rtasida oziq-ovqat mahsulotlari savdosini kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish va agrar sohadagi tajriba almashinuvini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, 2026-yilning dastlabki to‘rt oyida Belarusdan O‘zbekistonga go‘sht mahsulotlari yetkazib berish hajmi 23,8 foizga oshgan. Shuningdek, kolbasa va tayyor go‘sht mahsulotlari eksporti qariyb 2,5 barobar, sut mahsulotlari yetkazib berish hajmi esa sezilarli darajada ko‘paygan.
Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida 2030-yilga qadar oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangan.

Shuningdek, Minsk shahrida O‘zbekiston Savdo uyining ochilishi ikki mamlakat mahsulotlarini o‘zaro bozorlarga olib chiqish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, mazkur tashabbuslar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi agrar hamkorlikni yanada mustahkamlash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA