Mahalla raisi besh yil ichida beshta ko‘prik qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi.
Surxondaryo viloyatining Boysun tumani Inkobod mahallasidagi shifobaxsh mineral suvni izlab, Omonxona qishlog‘iga keluvchilar buni yaxshi biladi. Mahalla tog‘li adirlikda joylashgan. Qishloq va ko‘chalarni soy-u jilg‘alar ajratib turadi. Ayniqsa, qish va bahor fasllarida mahalla ahli ko‘prikka ehtiyoj sezadi. Tog‘ga bahorgi yomg‘ir yog‘dimi, tamom, bu yerdagi soy-u jilg‘alar to‘lib, sel oqadi.
Inkobod mahallasi tog‘lar qo‘ynida joylashgan oltita qishloqdan iborat so‘lim go‘sha. Asli kasbi o‘qituvchi bo‘lgan Sirojiddin Shoymardonovning mahallaga rais etib saylanganiga besh yildan oshdi. Shu yillar mobaynida u hududda hashar yo‘li bilan barpo etilgan beshta ko‘prik qurilishiga boshchilik qildi. Odamlarning boshini qovushtirib, qishda soylarni qoplaydigan qalin qor va muzdan, bahorda esa seldan aziyat chekib kelayotgan aholining og‘irini yengil, mushkulini oson qildi.
Tashabbuskor mahalla raisi avval Omonxona qishlog‘idagi maktabda o‘qituvchi, keyinchalik tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori bo‘lib ishladi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida ham mehnat qildi. Qayerda va qaysi vazifada ishlamasin, xalq mehrini qozondi, tashabbuskorligi bilan elga tanildi. U 2022-yil may oyida mahalla raisi etib saylandi. Tashabbuskorligi bilan elga tanildi.

– O‘shanda mahalla yettita jinoyat bilan “qizil” toifada edi, – deydi Sirojiddin Shoymardonov. – Oltita qishloqning 24 ming 707 gektar yer maydoni bor. Har bir qishloq bilan alohida tanishib, muammolarini o‘rgandim. Jinoyatga moyilligi bor shaxslarning dardu tashvishini tingladim. O‘zining turistik salohiyati bilan tanilgan Omonxona, Zovboshi hududlari ham bizning mahallaga qaraydi. Barchaning boshini biriktirib, muammolarni birgalikda hal etish choralarini ko‘ryapmiz. Natijada mahallamiz jinoyatdan xoli, “yashil” hududga aylandi.
Mahalladagi 1078 xonadonda besh mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning aksariyati hayotda turli muammolarga duch keladi. Biroq qishloq va ko‘chalarni bir-biri bilan qishin-yozin bexavotir bog‘lash uchun zamonaviy ko‘prik qurish eng muhim masalalardan biriga aylanib qolgandi. Qolaversa, uzoq-yaqindan keladigan sayyohlarga ham soylardan o‘tishda qulay sharoit yaratish lozim edi.

O‘tgan besh yilda mahallada qad rostlagan ko‘priklarning beshinchisi Mustaqilligimizning 35 yilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirildi. U mahalla hududini Yuqori guzar qishlog‘i bilan bog‘ladi. Inkobod soyida qurilgan ko‘prikning uzunligi 28, eni 3, balandligi esa 7 metrni tashkil etadi. Bu qishloqda 400 ga yaqin kishi yashaydi. Ko‘prikning foydalanishga topshirilishi ko‘p yillik orzusi ushalgan qishloq ahliga o‘zgacha quvonch va faxr bag‘ishladi.
– Ustunlari mustahkam bu yangi ko‘prik xalqimizning ezgu niyatlari va hamjihatligi, davlatimizning qishloq odamlariga ko‘rsatayotgan g‘amxo‘rligi samarasidir, – deydi mehnat faxriysi O‘g‘lon momo Mamarajabova.– Mahallamiz raisi odamlarning boshini qovushtirib, savobli ishga qo‘l urdi, elimizning ardog‘iga sazovor bo‘ldi. Avvallari soydan o‘tish ancha qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lsa, endi bu mashaqqatlar ortda qoldi. Bu qulaylikdan yoshu keksa birdek xursand. Ilohim, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, mahallamiz obod bo‘lsin!

Hashar yo‘li bilan qurilgan yangi ko‘prik uchun uch yuz million so‘m atrofida mablag‘ sarflandi. Tuman hokimligi ham homiylik yordamini ko‘rsatdi.
Sirojiddin Shoymardonovning aytishicha, mahallada hashar yo‘li bilan yana ikkita ko‘prik bunyod etilmoqda. Ulardan biri Omonxona turizm qishlog‘ini Sahobalar ziyoratgohi bilan bog‘laydi.
Omonxona qishlog‘iga Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi tomonidan “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan. Qishloq BMTning "Eng yaxshi turizm qishloqlari"ni rivojlantirish dasturiga ham kiritilgan. Ayni paytda bu yerda “Omonxona” turizm markazi barpo etilmoqda. Bahordan kech kuzgacha qishloq sayyohlar bilan gavjum bo‘ladi. Yangi ko‘prikning ishga tushirilishi bu yerga kelgan sayyohlarning ziyoratgoh tomon emin-erkin borib-kelishiga qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Mabodo yo‘lingiz tushib, Boysun taraflarga o‘tsangiz, albatta Inkobod mahallasida bo‘lib, Omonxonadagi ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishing, shifobaxsh buloq suvidan bahra oling. Zovboshi hududlarining betakror tabiatidan zavqlaning. Qishloqlardagi mehmon uylarida tunab, mahalliy aholi hayot tarzi bilan yaqindan tanishing. Sayohat davomida mahallada hashar bilan qurilgan zamonaviy ko‘priklar sizning ham uzog‘ingizni yaqin qilib, quvonchingizga quvonch qo‘shadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri