Mahalla fidoyilari e’tirof etildi
22-mart– Mahalla tizimi xodimlari kuni
O‘zbekistonda mahalla instituti azaldan jamiyatning mustahkam tayanchi, xalqning dardiga darmon, quvonchiga sherik bo‘lib kelayotgan noyob tizim hisoblanadi. Bugungi kunda esa bu tizim davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanib, uning nufuzi yuksalib, imkoniyatlari kengaymoqda.

Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan Buxoro viloyatida ham bayram tadbiri tashkil etildi. Prezident farmoniga ko‘ra, bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida viloyatdan 3 nafar fidoyi ham davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, 10 nafar mahalla faollari “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Bu e’tiroflar mahalla tizimida sidqidildan mehnat qilayotgan insonlarga berilgan yuksak bahodir.

Ramazon hayiti va Navro‘zi olam fayzi kezib yurgan shu qutlug‘ kunlarda o‘tkazilgan mazkur marosim alohida ahamiyat kasb etdi. Tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, soha xodimlarini samimiy tabrikladi. U so‘nggi yillarda mamlakatimizda mahalla tizimiga qaratilayotgan e’tibor tufayli ushbu noyob tuzilmaning nufuzi yanada oshganini, mahalla fuqarolarning haqiqiy suyanchiga aylanganini alohida ta’kidladi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahnamoligida mahalla tizimini isloh qilish, uning huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda kadrlar salohiyatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi to‘qqiz yil davomida Buxoro viloyatida 220 ta mahalla idorasi yangidan barpo etildi, 211 tasi esa rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Mahallalarda aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikka jalb etish kabi yo‘nalishlarda ham samarali ishlar olib borilmoqda. Bu jarayonlar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bilan uyg‘unlashtirilib, jamiyatda sog‘lom muhitni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ayniqsa, “mahallabay” ishlash tizimining joriy etilishi va “mahalla yettiligi” kabi samarali tuzilmaning shakllantirilishi o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bunga misol tariqasida o‘tgan yil davomida mahalla faollari ko‘magida ajrashish yoqasiga kelib qolgan qariyb 1500 ta oilaning yarashtirilganini aytish mumkin. Shuningdek, 516 ta mahallaning 471 tasida jinoyat sodir etilmagani, namunali mahallalar soni esa 431 taga yetgani e’tiborlidir.
Mahalla faollarining jamiyat hayotidagi faol ishtiroki va amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shayotgan hissasi natijasida so‘nggi uch yilda viloyatda kambag‘allik darajasi 12 foizdan 3 foizgacha kamaydi. Bu davr mobaynida 21,3 ming nafardan ortiq fuqaroga 56 milliard so‘mlik subsidiya ajratildi, qariyb 71 ming oilaga esa dehqonchilik qilish uchun 17,5 ming gektar yer maydoni berildi.
Shu bilan birga, yurtimizning shahar va qishloqlarida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko‘chatlar ekilib, yangi bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Bu esa nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki aholining turmush sifatini yaxshilashga ham xizmat qilmoqda.

Bugungi tinch va osuda hayotimizni asrash, mahallalarda o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik va millatlararo do‘stlik muhitini mustahkamlash, yolg‘iz keksalar va ehtiyojmand oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish ishlari ham izchil davom etmoqda.
Albatta, mahalla tizimining nufuzini yanada oshirish, uning faollarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida yanada yangi bosqichga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA