O‘quv markazi mahalla ahlini xursand qildi
Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanidagi Jiydali mahallasida yangi o‘quv markazi foydalanishga topshirildi. Tuman markazidan ancha olisda joylashgan ushbu hudud aholisi uchun mazkur maskan nafaqat ta’lim, balki imkoniyatlar eshigini ochgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Mahallaning musaffo havosi, mehnatkash va oriyatli aholisi bu yerning o‘ziga xos fazilatlaridan sanaladi. Biroq shu paytgacha chekka hudud yoshlari uchun sifatli qo‘shimcha ta’lim olish, ayniqsa xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlari cheklangan edi. Tuman yoki viloyat markaziga qatnab o‘qish esa vaqt va mablag‘ jihatidan ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirardi.

Endi esa vaziyat o‘zgarmoqda. Yangi o‘quv markazi olis qishloq yoshlarining bilim olishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi. Ushbu loyiha yoshlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan “Ko‘mak” dasturi doirasida amalga oshirildi.
— Asosiy e’tibor yigit-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasblarga o‘rgatishga qaratilgan, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Murodbek Rahmonberdiyev. — Eng muhimi, qishloq yoshlari imkoniyat borasida shaharlik tengdoshlaridan kam bo‘lmasligi kerak. Ilm va innovatsiya qishloqqa kirib borsa, taraqqiyot ham shu yerdan boshlanadi.
Zamonaviy jihozlangan, barcha qulayliklarga ega o‘quv markazi mahalla ahlida katta mamnuniyat uyg‘otdi. Ota-onalar farzandlarining o‘z qishlog‘ida turib sifatli ta’lim olish imkoniga ega bo‘layotganini yuksak baholamoqda.
Mutaxassislar fikricha, bunday markazlar nafaqat ta’lim sifatini oshiradi, balki yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini kuchaytirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Qisqasi, Jiydalidagi yangi o‘quv markazi — bu oddiy bino emas. U olis qishloq yoshlari uchun yangi orzu va maqsadlar sari ochilgan mustahkam ko‘prikdir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA