Mahalla – aholi ishonchini, imkoniyat va farovonlikni ta’minlaydigan asosiy bo‘g‘in
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2026-yil 16-iyul kuni mahallalarga yangi muhit olib kirish va “mahalla yettiligi” faoliyatini yangicha tashkil etish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mamlakatimizda inson qadrini ta’minlash, aholi muammolarini bevosita joylarda hal etish hamda mahallalarning iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda tuman hokimlari va mahalla raislarining moliyaviy vakolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Natijada hududlarda qoladigan qo‘shimcha daromad hajmi ikki baravargacha oshdi, har bir tumanda o‘rtacha 22 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘, mahalla byudjetlarida esa, 150–200 million so‘mgacha qo‘shimcha tushum shakllandi. Bu raqamlar mahalliy rahbarlar va “mahalla yettiligi” a’zolarida aholi muammolarini hal qilish uchun ham vakolat, ham yetarli moliyaviy resurs mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbarining “resurs va vakolat bor, yetishmayotgan jihat - mas’uliyat va tashabbuskorlik” degan tanqidiy fikri har bir mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliqchi va bank xodimi uchun muhim dasturilamal bo‘lishi kerak. Mahalladagi muammoni yuqori tashkilotlardan topshiriq kutib emas, aholi bilan muloqot qilish, hudud imkoniyatlarini chuqur o‘rganish va aniq loyihalar ishlab chiqish orqali hal etish zarur.
Yig‘ilishda keltirilgan ma’lumotlar ayrim hududlarda ishlarni tashkil etishda jiddiy kamchiliklar borligini ko‘rsatdi. Xususan, yil boshidan buyon 87 ta mahallaning har biridan Xalq qabulxonalariga 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan. “Tashabbusli byudjet” uchun 7,5 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, 2 ming 136 ta mahallada birorta ham loyiha g‘olib bo‘lmagan. Bu holat mahalla ahlini umumiy maqsad atrofida birlashtirish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va mavjud imkoniyatlardan foydalanish darajasi hali talabga javob bermayotganini anglatadi.
Ayni paytda mamlakat miqyosida ijobiy natijalar ham mavjud. Olti oy davomida banklar tomonidan kichik loyihalar uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratilib, 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilgan va 259 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan. Biroq 47 ta mahallada atigi ikkitadan mikroloyiha ishga tushirilgani, 32 ta mahallada yashayotgan 960 ta kam ta’minlangan oila a’zolaridan birortasi doimiy ishga joylashtirilmagani mahalladagi imkoniyatlarni aniqlash va ishga solishda yangicha yondashuv zarurligini ko‘rsatadi.
Prezident tomonidan mahalla raisi o‘z hududining to‘laqonli rahbari bo‘lishi kerakligi ta’kidlangani alohida ahamiyatga ega. Endilikda mahalla raisi “yettilik” a’zolarining haftalik va oylik ish rejalarini tasdiqlab, ular oldiga aniq vazifalar qo‘yadi va ijrosini muntazam nazorat qiladi. Bu tartib mahalladagi ishlarni tarqoq holda emas, yagona maqsad va o‘zaro muvofiqlashtirilgan reja asosida olib borish imkonini beradi.
Ayniqsa, har bir ishsiz fuqaroning imkoniyatini alohida o‘rganish, kim tadbirkorlik qilishni, kim oila daromadini oshirishni istashini, kimga kredit, asbob-uskuna yoki yer maydoni zarurligini aniqlashga asoslangan manzilli yondashuv katta ahamiyat kasb etadi. Bunday tizim aholini shunchaki ro‘yxatga olishdan aniq iqtisodiy yechim va barqaror daromad manbaini yaratishga o‘tishni anglatadi.
Mahallalarga biriktirilgan bank xodimlari faoliyatini tubdan o‘zgartirish, har bir bankirga uchtadan ortiq mahalla biriktirmaslik, ular uchun tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash ham muhim qaror bo‘ldi. Oilaviy tadbirkorlik loyihalari uchun qo‘shimcha 2 trillion so‘m imtiyozli kredit resursi ajratilishi, murakkab mahallalarda kredit foizining 17,5 foizdan 12 foizga tushirilishi aholi tashabbuslarini amaliy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish bo‘yicha belgilangan choralar ham islohotlarning eng muhim jihatlaridan biridir. Yer va mol-mulk solig‘idan mahallada qoladigan ulushning 10 foizdan 15 foizga oshirilishi, sanitariya va noqonuniy qurilish bo‘yicha jarimalarning bir qismini mahalla byudjetiga yo‘naltirish, bo‘sh turgan binolarni sotuvga chiqarish huquqining berilishi natijasida mahalla byudjetlari daromadi 2026-yilda 1,6 trillion so‘mga, keyingi yildan esa, 2 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.
Yig‘ilishda davlat va ijtimoiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish masalasiga ham katta e’tibor qaratildi. Bugungi kunda «mahalla yettiligi» orqali qariyb 100 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilayotgan bo‘lsa, kelgusida barcha davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich mahalla darajasiga tushirish belgilandi. Bu aholining vaqt va mablag‘ini tejash, ortiqcha qog‘ozbozlik va idorama-idora yurish holatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Aholini ijtimoiy himoya qilishda adolat va xolislikni ta’minlash ham yig‘ilishning muhim yo‘nalishlaridan bo‘ldi. Ayrim mahallalarda ijtimoiy reyestrga kiritish bo‘yicha murojaatlarning asossiz rad etilishi ehtiyojmand oilalarni davlat yordamidan mahrum qilayotgani keskin tanqid qilindi. Yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash, uy-joyni imkoniyati cheklangan shaxslarga moslashtirish va ijtimoiy uy-joy berish kabi 25 turdagi ijtimoiy xizmatni mahalla darajasiga tushirish belgilangani insonparvar davlat siyosatining amaliy ifodasidir.
Mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida erishilayotgan natijalar ham e’tiborga loyiq. Ilgari kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat qayd etilmagan. Bu natija videokuzatuv vositalarini o‘rnatish, xavfsiz ko‘chalar tashkil etish, oilalarga psixologik ko‘mak ko‘rsatish va muammolarni ilmiy asosda hal qilish samarasini ko‘rsatadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mahalla xodimlarining malakasini muntazam oshirishga alohida e’tibor qaratilgani juda muhim tashabbusdir. Mahalla faoliyati endi faqat murojaatlarni qabul qilish yoki ma’lumotnoma berish bilan cheklanmaydi. Bugun mahalla xodimidan aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlik loyihalarini shakllantirish, ijtimoiy himoyani manzilli tashkil etish, jinoyatchilikning oldini olish, hududni obodonlashtirish va davlat xizmatlarini aholiga yaqinlashtirish kabi ko‘p qirrali vazifalarni professional darajada bajarish talab etilmoqda. Shu ma’noda, “mahalla yettiligi” faoliyatini metodik va ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydigan Mahallani rivojlantirish milliy institutining tashkil etilishi mahalla boshqaruvi tizimida yangi bosqichni boshlab beradi.
Mazkur institut “mahalla yettiligi” a’zolarini o‘qitish, ularning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, hududlardagi muammolar bo‘yicha ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanishi belgilangan. Bu tashabbus mahalla xodimlarining faqat nazariy bilimini emas, balki aholi bilan muloqot qilish, murojaatlarni tahlil etish, hududning «o‘sish nuqtalari»ni aniqlash, loyihalar tayyorlash, moliyaviy resurslarni jalb qilish va ijroni nazorat etish qobiliyatini ham rivojlantirishi lozim. O‘quv jarayonini namunaviy mahallalarda amaliy stajirovkalar, vaziyatli mashg‘ulotlar va muvaffaqiyatli tajribalarni o‘rganish asosida tashkil etish ayniqsa samarali bo‘ladi. Natijada mahalla tizimida zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor, mas’uliyatli va aholi dardi bilan yashaydigan professional kadrlar shakllanadi.
Videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak quramiz” degan ezgu g‘oya bilan hamohangdir. Zero, mahalla — turli avlod, kasb va ijtimoiy qatlam vakillarini birlashtiradigan, xalqimizning hamjihatligi, mehr-oqibati va Vatan taqdiriga daxldorligi namoyon bo‘ladigan muqaddas maskandir.
Umuman olganda, 16-iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi mahalla tizimida yangi boshqaruv madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tarixiy ahamiyatga ega tashabbuslarni belgilab berdi. Mahalla endi faqat murojaatlarni qabul qiladigan yoki ma’lumotnoma beradigan tuzilma emas, balki hududning iqtisodiy imkoniyatlarini aniqlaydigan, aholini ish bilan ta’minlaydigan, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlaydigan, ijtimoiy himoyani adolatli tashkil etadigan va jamoat xavfsizligini ta’minlaydigan quyi boshqaruv markaziga aylanishi lozim.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, mahalla odamlar uchun haqiqiy ishonch, ko‘mak va imkoniyatlar markazi bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir mahalla raisi va «yettilik» a’zosi o‘z faoliyatini hisobotlar yoki raqamlar bilan emas, aholining roziligi, yaratilgan ish o‘rinlari, oshgan oilaviy daromad, hal etilgan muammolar va hududdagi ijobiy o‘zgarishlar bilan baholashi zarur. Eng muhimi, mazkur chora-tadbirlar mahallalarda o‘zaro hurmat, hamjihatlik, mehr-oqibat va sog‘lom ijtimoiy muhitni mustahkamlaydi. Odamlarda ertangi kunga ishonch ortadi, oilalarda tinchlik va totuvlik qaror topadi, yoshlar Vatanga sadoqat va milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalanadi. Shu tariqa, “hech kim e’tibordan chetda qolmaydi” degan insonparvar tamoyil Yangi O‘zbekiston mahallalarida amaliy mazmun kasb etadi.
Abira Huseynova,
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati,
Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili