Surxondaryoda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” boshlandi
FOTOREPORTAJ
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Surxondaryo viloyatida “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” tadbirlariga start berildi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda mahallalarda obodonlashtirish ishlarini jadallashtirish, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratish, hududlarni sanitariya jihatidan obod saqlash hamda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yanada yaxshilashga qaratilgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
[gallery-30462]
Oylik doirasida ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi va elektr ta’minotini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini tartibga keltirish, mahallalarni chiqindilardan tozalash, daraxt va ko‘chatlarni parvarishlash hamda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Ta’kidlanganidek, obodonlashtirish tadbirlarini aholi ishtirokida tashkil etish, har bir mahalla, ko‘cha va xonadonda ozodalik hamda tartib-intizomni ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda “Xavfsiz hudud” tamoyilini amalga oshirishda namuna ko‘rsatgan bir guruh xodimlar rag‘batlantirildi. Jumladan, Termiz shahridagi “Guliston” mahallasi profilaktika inspektori Odil Jabborovga Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq muddatidan oldin kapitan maxsus unvoni tantanali ravishda topshirildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA