Madridda Amir Temur tavalludining 690 yilligi xalqaro miqyosda nishonlandi
Ispaniya poytaxti Madrid shahrida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir nufuzli Casa Arabe madaniyat markazida tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekistonning Ispaniya Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Farrux Tursunov, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, Ispaniya sharqshunoslar assotsiatsiyasi bosh kotibi Xesus Gil Fuensanta, Temuriylar Assotsiatsiyasi prezidenti Frederik Bressand hamda Mueller & Schindler rahbariyati vakillari ishtirok etib, ma’ruzalar bilan chiqish qildi.
Mazkur ilmiy-ma’rifiy forum Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan yubiley tadbirlarining mantiqiy davomi bo‘ldi. Davlat rahbarining qaroriga muvofiq, Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakatda keng nishonlanmoqda, aprel oyi esa Amir Temur oyligi sifatida e’lon qilingan.
Yubiley tadbirlari O‘zbekistonda ham keng ko‘lamda boshlandi. Jumladan, joriy yil 8–12-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Amir Temur va Temuriylar sivilizatsiyasining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Madriddagi forumning aynan shu hududda tashkil etilgani ham alohida ahamiyatga ega. Bu shahar Samarqandga tashrif buyurib, Temur davlati haqida muhim yozma manbalar qoldirgan ispan elchisi va yilnomachisi Ruy Gonzalez de Clavijo nomi bilan bog‘liq. Uning asarlari Temuriylar davri tarixi bo‘yicha eng ishonchli manbalardan biri sifatida e’tirof etiladi.
Forumda Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasidan 70 dan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, diplomatlar va madaniyat arboblari qatnashdi. Bu esa Temuriylar merosiga bo‘lgan xalqaro qiziqish yuqori darajada ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Tadbirni ochib bergan elchi Farrux Tursunov O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganini, ayniqsa gumanitar sohadagi hamkorlik kengayib borayotganini ta’kidladi.
Asosiy ma’ruza bilan chiqqan Xayriddin Sultonov bugungi geosiyosiy sharoitda davlatlar o‘rtasidagi ishonch va muloqotni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ochiq va tinchlikparvar tashqi siyosat yuritib, madaniy-gumanitar aloqalarni xalqaro munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida rivojlantirmoqda.
Forum doirasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi. Unda milliy merosni o‘rganish, saqlash va targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar yoritildi.

Firdavs Abduxoliqov o‘z chiqishida mazkur markaz faoliyatiga to‘xtalib, Temuriylar davrining fan, madaniyat va davlatchilik rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini alohida ta’kidladi. Shuningdek, u Temuriylar davriga oid qariyb 2000 ta madaniy meros ob’ekti O‘zbekistonga qaytarilganini ma’lum qildi.
Xurshid Fayziyev esa Amir Temur shaxsining global tarixiy ahamiyati va Temuriylar davrining jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ta’siriga urg‘u berdi. Tadbirda namoyish etilgan zamonaviy multimedia materiallari ushbu boy merosni yanada yorqin namoyon etdi.
Forum ishtirokchilari ham tadbirni yuqori baholadilar.
“Bunday loyihalar yosh avlodga o‘z tarixini chuqurroq anglash va uni mintaqaning asrlar davomidagi rivojlanishining kengroq kontekstida ko‘rish imkoniyatini beradi. Bu ham mamlakat fuqarolari, ham xalqaro auditoriya uchun muhim bo‘lib, O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyoning madaniy boyligini ochib beradi” dedi, Frederik Bressand.
Xesus Gil Fuensanta esa O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilgan tashabbuslar mamlakatning boy madaniy merosini targ‘ib qilishda muhim ahamiyatga egaligi, bunday tadbirlar keng xalqaro auditoriyaga Temuriylar davrining noyob merosi — ajoyib me’moriy yodgorliklardan tortib, “Zafarnoma” va “Boburnoma” kabi yozma manbalargacha kirish imkonini berishini ta’kidladi.
Madridda o‘tgan mazkur xalqaro anjuman Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash shu tariqa global tus olganini, shuningdek, madaniy aloqalarni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilayotganini yana bir bor namoyon etdi.
M.Eshmirzayeva, O‘zA