Chin ijodkorlar muxlislar qalbida mangu qoladi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiyot muxlislarini yana bir karra o‘z bag‘riga jamladi. Bu galgi uchrashuv oddiy tadbir emas, balki o‘zining qisqa, ammo mazmunli umrini so‘z san’atiga, bolalar qalbiga yorug‘lik ulashishga bag‘ishlagan iste’dodli ijodkor — Hoshimjon Mirzaahmedov, adabiyot ahli orasida Mirza Hoshim nomi bilan tanilgan shoir xotirasiga bag‘ishlandi.
Tadbirga yig‘ilgan uning yaqinlari, hamkasblari, do‘stlari, ustoz-shogirdlari va adabiyot ixlosmandlarining nigohida sog‘inch, har bir so‘zida esa hurmat va ehtirom sezilib turardi. Chunki bu inson oddiy shoir emas, balki bolalar qalbining nozik jihatlarini anglay olgan, sodda satrlar ortiga chuqur ma’no yashira bilgan ijodkor edi.
Adabiy kecha davomida shoirning hayot yo‘li, ijodiy merosi, insoniy fazilatlari haqidagi yorqin xotiralar yodga olindi. Uning she’rlaridan namunalar o‘qildi — o‘sha sodda, ammo yurakka yaqin satrlar yana bir bor tinglovchilar qalbini larzaga soldi. Go‘yo shoirning o‘zi ham shu yerda, shu davrada, she’rlari orqali yana qaytib kelgandek edi.
1963-yilda Namangan viloyati Chust tumani G‘ova qishlog‘ida tug‘ilgan Hoshimjon Mirzaahmedov bolaligidan so‘z san’atiga mehri baland edi. Bu mehr uni O‘zbekiston Milliy universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetiga yetakladi. Keyinchalik esa u “G‘uncha” jurnali tahririyatida, Respublika radio va televideniyesida faoliyat yuritib, o‘z iste’dodini yanada sayqalladi.
[gallery-28964]
Ijodkorning 1994-yilda chop etilgan “Sog‘inch” nomli she’riy to‘plami o‘quvchilar qalbidan o‘rin oldi. Ammo shoirning eng katta boyligi — uning samimiyligi, bolalarcha beg‘ubor nigohi va hayotga mehr bilan qarashida edi.
Tadbirning eng muhim lahzalaridan biri — “Hayot kuyi” nomli kitob taqdimoti bo‘ldi. Ushbu to‘plam shoirning eng sara she’rlarini, uning ijodiy ruhini aks ettiruvchi satrlarni hamda zamondoshlari, yaqinlari va hamkasblarining samimiy xotiralarini o‘zida mujassam etgan. Bu kitob bir insonning qalbi, uning hayotga, bolalarga, so‘zga bo‘lgan muhabbatining ifodasidir.
Mazkur kitob “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan. Unga Vafo Fayzulloh muharrirlik qilgan. Nashrga to‘plovchi – taniqli adiba Ma’mura Zohidova.
“Hayot kuyi”ni varaqlagan kitobxon nafaqat she’r o‘qiydi, balki bir umrni, uning qadr-qimmati, har lahzasining oltinga teng ekanini his etadi. Muallifning samimiy satrlarida sog‘inch bor, quvonch bor, bolalikning beg‘ubor nafasi va hayotning achchiq-haqiqatlari ham bor. Eng muhimi, unda shoirning yuragi urib turadi.
Tadbir yakunida yig‘ilganlar bir fikrda yakdil bo‘ldilar – haqiqiy ijodkor hech qachon bu dunyoni tark etmaydi. U o‘z so‘zlarida, yozgan satrlarida, adabiyot muxlislarining qalblarida yashayveradi. Mirza Hoshim ham ana shunday ijodkorlardan. Uning ovozi she’rlarida, uning nafasi esa o‘quvchilar qalbida hamon yangramoqda.
“Hayot kuyi” esa bu ovozni yana uzoq yillar davomida avloddan-avlodga yetkazadigan ma’naviy ko‘prik bo‘lib qoladi.
N.Usmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA muxbirlari