Madaniy meros kelajagi - muhokamada
Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Madaniy meros agentligi tomonidan madaniy merosni asrash va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan uch oy davomida 131,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 25 ta madaniy meros ob’ektida restavratsiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, 7 ta arxeologik tadqiqot va 7 ta xalqaro ekspeditsiya natijasida 2 mingga yaqin noyob topilma davlat fondlariga topshirildi, 2 ta arxeologiya ob’ekti esa muzeylashtirish bosqichiga tayyorlangan.

Shu bilan birga, Rossiya va Yaponiyada O‘zbekiston muzey ashyolari ko‘rgazmalari tashkil etilgan. Muzeylarda 1 ming 535 ta madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazilgan hamda 1 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. E’tiborli jihati, 162 mingta muzey ashyosi raqamlashtirilib, elektron tizimga kiritildi, 350 tasi esa restavratsiya qilindi. “Milliy merosga mening hissam!” aksiyasi doirasida esa 8,2 milliard so‘mlik 76 ta noyob madaniy boylik xarid qilingani ma’lum qilindi.

Shuningdek, jamoatchilik vakillari tomonidan moddiy madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish, tarixiy ahamiyatga ega binolarni ham madaniy meros sifatida baholash imkoniyatlarini o‘rganish taklif etildi. Ro‘yxatdagi yodgorliklar nomlarini davlat tili qoidalariga muvofiq yagona standart asosida unifikatsiya qilish masalasi ham ko‘tarildi.

Bundan tashqari, tarixiy ob’ektlarda, xususan ziyoratgoh va memorial majmualarda tashrif madaniyatini tartibga solish, ekskursiya jarayonlarini tizimlashtirish hamda sayyohlar uchun zamonaviy axborot berish tizimlarini — audio gidlar va elektron qurilmalarni keng joriy etish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Alohida e’tibor tarixiy-madaniy ahamiyatga ega yodgorliklar, jumladan qadimiy qoyatosh tasvirlari joylashgan hududlarni kompleks o‘rganish, ularni xalqaro tajriba asosida rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar doirasini kengaytirish masalalariga qaratildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA