Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyatida aholi va tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlash, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish maqsadida navbatdagi sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Qabulda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov, “Hududgazta’minot” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari T.Turdiyev hamda “Hududgaz Toshkent” GTF direktori J.Muhamedov ishtirok etib, fuqarolarning masalalarini tingladi. Tadbir davomida 20 tadan ortiq murojaat tegishli tartibda qaydnomaga kiritildi. E’tiborlisi, murojaatlarning faqat ikkitasi bevosita gaz ta’minoti masalalariga taalluqli bo‘lib, qolgan masalalar yuzasidan ham huquqiy tushuntirish va ko‘rsatmalar berildi. Har bir murojaat ijrosi qat’iy nazoratga olinib, mutasaddilarga masalalarni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
***
Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi qidiruv sho‘’basi tomonidan qidiruvdagi shaxslar va mol-mulklarni aniqlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Boshqarmaning tuman va shahar bo‘limlari tomonidan sud qarorlariga asosan qarzdor deb topilgan 366 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Joriy yilning o‘tgan davrida ularning 186 nafari aniqlanib, tegishli ijro harakatlari olib borildi.
Jumladan, mart oyining o‘zida 69 nafar shaxs topilib, davlat ijrochilari ixtiyoriga topshirildi.
Shuningdek, aliment to‘lovchi qarzdorlardan 90 nafari sud hujjatlari ish yurituvga qabul qilinishidan oldin chet davlatlarga chiqib ketgani aniqlangan. Ularga nisbatan davlatlararo qidiruv e’lon qilinib, xalqaro shartnomalar asosida tegishli so‘rovlar yuborilgan.

***
Shu kunlarda Toshkent viloyatidagi barcha harbiy qismlarda yosh askarlarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimlari tantanali ruhda tashkil etilyapti. Mazkur tadbirlar yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning mas’uliyati va burchini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Yangiyo‘l tumanida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi boshqarma boshlig‘i polkovnik T.Isroilov, viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i N.Normirzayeva, harbiy qism komandiri polkovnik K.Toshpo‘latov, Yangiyo‘l tuman jangchi-faxriylar kengashi a’zolari hamda askarlarning ota-onalari ishtirok etdi.
Marosim davomida yosh harbiy xizmatchilar Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishga, xalqimiz tinchligini ko‘z qorachig‘idek asrashga tantanali ravishda qasamyod qabul qildi.
A.Musayev, O‘zA