Lizing shartnomasida ob’ektning huquqiy va mulkiy egaligi ko‘rsatiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining yig‘ilishida mamlakatimiz hayotidagi muhim masalalar muhokama qilindi. Shundan so‘ng bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.
Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkor lizing oluvchi bo‘lgan hollarda lizing ob’ektini lizing beruvchining balansida hisobga olish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, lizing shartnomasida ob’ektning huquqiy va mulkiy egaligi, amortizatsiyani qo‘llash tartibi hamda undan foydalanish shartlari aniq belgilab qo‘yiladi. Bu esa yakka tartibdagi tadbirkorlarning lizing xizmatlaridan foydalanishini yengillashtirishga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirishning muqobil manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bankdan tashqari moliyaviy xizmatlar bozorini rivojlantirish va tadbirkorlar uchun qulay moliyaviy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda parlament nazoratiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, energetika vaziri Sh.Xo‘jayevning “Energetika sohasidagi islohotlar va ularning samaradorligi hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axborotini eshitish haqidagi masala muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda energetika sohasini izchil rivojlantirish borasidagi ishlar bilan birga, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari davomida iste’molchilarga sifatli va uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq ayrim masalalar mavjudligi aniqlanmoqda.
Shundan kelib chiqib, deputatlar tomonidan sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning natijadorligi, elektr energiyasi, tabiiy gaz, neft mahsulotlari va ko‘mir ta’minoti holati, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini atroflicha muhokama qilish zarurligi ta’kidlandi.
M.Komilova,
O‘zA