Livandagi amaliyot tufayli neft narxi oshdi
Livandagi harbiy harakat ko‘lami kengayishi jahon neft bozorida yangi o‘sish to‘lqinini keltirib chiqardi. Investorlar esa Yaqin Sharqdagi mojaro yanada chuqurlashishi mumkinligidan xavotirda.
WTI rusumli neft narxi qariyb 3 foiz oshib, bir barrel uchun 89,88 dollarga yetdi. "Brent" nefti esa 2,4 foiz qimmatlab, 93,33 dollardan sotildi.
Isroil qo‘shini Livan hududiga yanada ichkari kirishi 17-apreldan buyon amal qilib kelayotgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qasdma-qasd sodir bo‘ldi. Oqibatda mintaqaviy vaziyat barqarorlashishiga nisbatan umid susaydi.
Osiyo fond bozorida savdo aralash natija bilan kechdi. Janubiy Koreyaning "KoSPI" indeksi 1,3 foiz o‘sgan bo‘lsa, Yaponiyaning "Nikkei-225" indeksi ozgina yuqoriladi. Avstraliya va Xitoyda ayrim ko‘rsatkichlar pasayishi qayd etildi.
Bozor e’tibori yana bir muhim voqeaga qaratildi: Kun chiqar yurtning "SoftBank" korporatsiyasi Fransiyada sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish uchun kelasi besh yilda 45 milliard yevro sarmoya kiritish rejasini e’lon qildi. Bu xabar ortidan kompaniya aksiyasi 5 foiz qimmatladi.
AQSH fond bozori esa o‘sishda davom etyapti. S&P-500 indeksi ketma-ket yettinchi savdo kunida ham yuqorilab, yangi rekord o‘rnatdi. Texnologiya kompaniyalari aksiyasi qimmatlashi bozor o‘sishining asosiy omili bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA