G‘arbiy Bolqonning Yevropa orzusi yana kun tartibida
Yevropa Kengashi prezidenti Antoniu Koshta bugun Sarayevodan boshlanadigan bir haftalik G‘arbiy Bolqon safariga kirishdi. U Bosniya va Gersegovinadan tashqari mintaqaning yana besh davlatiga tashrif buyurib, safarni juma kuni Chernogoriyaning Tivat shahrida o‘tadigan Yevropa Ittifoqi - G‘arbiy Bolqon sammiti bilan yakunlaydi.
Bryusseldagi rasmiylar ushbu tashrifni mintaqa uchun muhim siyosiy signal sifatida baholamoqda. Ularning fikricha, G‘arbiy Bolqon davlatlarining YeIga qo‘shilishi qit’a xavfsizligi va barqarorligi uchun strategik ahamiyatga ega.
Mintaqadagi olti davlatdan beshtasi rasman a’zolikka nomzod maqomiga ega. Faqat Kosovo hozircha ehtimoliy nomzod. Integratsiya jarayonida eng ilg‘or davlat sifatida namoyon bo‘layotgan Chernogoriya esa ayrim tahlilchilar tomonidan joriy yil oxirigacha ittifoqqa qo‘shilishi taxmin qilingan.
Bolqon davlatlarining aksari YeI eshigi oldida qariyb yigirma yildan beri kutib turibdi. Shu bois Chernogoriyaning ehtimoliy a’zoligi butun mintaqa uchun tarixiy burilish nuqtasi sifatida baholanmoqda.
Shu bilan birga YeIning kengayish siyosatiga Ukraina masalasi ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Kiyev urushdan keyingi xavfsizlik kafolati sifatida tezlashtirilgan a’zolikni talab qilmoqda. Bryusselda esa ayni masala turli bahslarni tug‘dirib, yagona yondashuv hozircha shakllangani yo‘q.
Bu orada Ruminiyada Rossiyaning “Geran-2” droni turar joy binosiga kelib tushishi ortidan xavotir saqlanib qolmoqda. Mamlakat Prezidenti Nikushor Dan hodisa uchun Moskva mas’ul ekanini ta’kidladi.
Hafta oxirida yana bir necha muhim voqea yuz berdi. Parijda “Pari Sen-Jermen”ning Chempionlar ligasidagi g‘alabasi ortidan yuz bergan tartibsizlikda yuzlab odam qo‘lga olindi. Prezident Emmanuel Makron zo‘ravonlik holatini mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb atadi.
Shuningdek, Isroil qo‘shini Livan hududidagi tarixiy Bofor qal’asi nazoratga olinganini ma’lum qildi. Bu so‘nggi 26 yil ichidagi eng chuqur harbiy ishg‘ol sifatida baholanmoqda. Parij esa bu masala yuzasidan BMT Xavfsizlik Kengashi shoshilinch yig‘ilishini chaqirish talabi bilan chiqdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA