Lautaro Martines: “Istak — «Inter»da qolish”
Forvard ayni paytda Milan shahrida o‘zini juda yaxshi his qilayotganini va “Inter”ni tark etish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
“Inter” hujumchisi Lautaro Martines “Barselona”ning unga bo‘lgan qiziqishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
“Isming shunday klublar bilan bog‘lanishi, albatta, katta sharaf. Bu juda yoqimli. Har yili yaxshiroq futbolchi bo‘lishga harakat qilaman, bunday takliflar va qo‘ng‘iroqlar esa doimo xursand qiladi”, — dedi argentinalik futbolchi.
Lautaro ayni paytda Milan shahrida o‘zini juda yaxshi his qilayotganini va “Inter”ni tark etish niyati yo‘qligini ta’kidladi.
“Men hozir oilam bilan Milandaman. Bu shahar meni birinchi kundanoq yaxshi qabul qildi, farzandlarim shu yerda maktabga boradi. Men mamnuniyat bilan bu yerda umrbod qolardim. Ammo futbolda kelajakni oldindan aytib bo‘lmaydi. Jamoaga kerak ekanman, shu yerda bo‘laman”.
Martines “Barselona” bilan bog‘liq xabarlar butunlay asossiz bo‘lmaganini ham tan oldi.
“Har kuni «Inter» uchun 100 foiz kuchimni beraman. Ha, mish-mishlar bekorga paydo bo‘lmagan. Ammo mening istagim — shu yerda, yaqinlarim, jamoadoshlarim va ajoyib muxlislarimiz bilan qolish”, — dedi Lautaro.