Lalmi yerlarda resurs tejovchi texnologiyalar samarasi namoyish etildi
Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida “Lalmi yerlarda ekinlarni yerga ishlov bermasdan ekish va yomg‘ir suvini yig‘ish texnologiyalari” mavzusida dala kuni tashkil etildi. Tadbir FAO hamkorligida amalga oshirilayotgan FOLUR – O‘zbekiston loyihasi doirasida o‘tkazildi.
Mazkur loyiha Global ekologik jamg‘arma (GEF) moliyaviy ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda FAO tomonidan amalga oshirilmoqda. Uning asosiy maqsadi bug‘doy ekishga ixtisoslashgan hududlarda barqaror va inklyuziv qishloq xo‘jaligi tizimini shakllantirish, zamonaviy innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishdan iborat.
Tumandagi “Jovli bobo o‘g‘li Baxtiyor” fermer xo‘jaligi dalasida tashkil etilgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshid Abduzuxurov, FAOning O‘zbekistondagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov, soha mutaxassislari, fermerlar va loyiha hamkorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida tuproqni muhofaza qiluvchi va resurs tejovchi texnologiyalarning afzalliklari, yer unumdorligini saqlash, namlikni boshqarish, o‘simlik qoldiqlaridan samarali foydalanish kabi masalalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi. Ishtirokchilar ko‘rgazmali maydonlarda yerga ishlov bermasdan ekish texnologiyasi bo‘yicha amaliy jarayonlar, tuproq profili va infiltratsiya namoyishlari bilan tanishdi.
– Fermerlik faoliyatini 2018-yilda boshlagan bo‘lsam, 6 yildan buyon FAO bilan hamkorlikda suv tejash texnologiyasini qo‘llab kelaman, – deydi “Jovli bobo o‘g‘li Baxtiyor” fermer xo‘jaligi rahbari Jamshid Ochilov. – Bu texnologiyaning afzallik tomonlari ko‘p ekan. Ya’ni suv tanqis maydonlarda qurg‘oqchilikning oldini olish, yerning unumdorligini oshirishda juda samarali. Masalan, bu usulda yerni shudgor qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri maxsus seyalkada urug‘ ekiladi. Keyingi tamoyili almashlab ekish. Uchinchi tamoyili esa mulchalash texnologiyasi. Ya’ni o‘simlik qoldiqlarini dalaning o‘zida qoldirib, chirindini ko‘paytirish orqali yerning unumdorligi oshiriladi. Mana shu usullarni qo‘llagan holda yer maydonlarimizga bug‘doy, arpa va xashaki no‘xat ekib mo‘l hosil olyapmiz. Yil qurg‘oqchil kelgan yillarda ham gektaridan 22 sentnergacha mahsulot oldik. Yildan-yilga suv tanqisligi oshmoqda. Yerlarimiz asosan lalmi maydon. Mana shunday lalmi yerlarda dehqonchilik qilishda bu texnologiya qo‘l keladi. Joriy mavsumda “Qayroqtosh” navli qurg‘oqchilikka bardoshli bug‘doy navidan ekkanmiz. Nasib etsa gektaridan 45-50 sentner hosil kutyapmiz.
Ayniqsa, kuzgi bug‘doyni yerga ishlov bermasdan ekish usulining samaradorligi amaliy misollar orqali ko‘rsatib berildi. Bunda ekinlar almashinuvi, tuproq yuzasida o‘simlik qoldiqlari qoplamasini saqlash, namlikni ushlab turish, suvning tuproqqa singishi hamda tuproq zichligi kabi muhim agrotexnik ko‘rsatkichlarga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, an’anaviy va resurs tejovchi texnologiyalar asosida yetishtirilgan ekinlar o‘rtasidagi farqlar taqqoslandi.
Seminarning yana bir muhim yo‘nalishi yomg‘ir suvini yig‘ish va undan samarali foydalanish texnologiyalari taqdimoti bo‘ldi. Loyiha doirasida Qashqadaryo viloyatida 3 ta maydonda jami 6 gektar hududda suv yig‘ish tizimlari joriy qilingan. Yuqori qiyaliklarda tosh bilan mustahkamlangan gradoni terrasalar, o‘rta qiyaliklarda mustahkamlanmagan terrasalar, past qiyaliklarda esa xandaqlar va suv yo‘naltiruvchi polosalar qo‘llanilgan.
– Dala kunlarini o‘tkazishdan maqsad bug‘doy ishlab chiqarish landshaftlarida yerga, bio xilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan bug‘doy ishlab chiqarishni ko‘paytirish, – deydi BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi loyiha koordinatori Aziz Nurbekov. – Boisi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda bug‘doyning ahamiyati katta. Shuni bilgan holda biz aynan lalmi maydonlarda tuproqqa ishlov bermasdan, ekish texnologiyalarini joriy etyapmiz. Bunda maxsus seyalkadan foydalanyapmiz. U yerning qattiq holatida ham urug‘ni ekish imkoniyatiga ega. Ushbu loyihani 2019-yilda boshlagan bo‘lsak, samarasi juda yaxshi bo‘lyapti. Gektaridan bir tonnadan 5 tonnagacha hosil olishga erishilyapti. Bu texnologiyaning yana bir muhim sabablaridan biri kelajakda iqlim o‘zgarishlarini yumshatadi. Chunki bunda yerning shudgorlanmasligi evaziga is gazi chiqishi kamayadi. Uglerodning tuproqda saqlanib qolishiga erishiladi. Natijada tuproqning unumdorligi oshib, namlik yaxshi saqlanadi. Bu esa ekinlarning yaxshi o‘sishini ta’minlaydi. Ushbu fermer ham biz bilan yetti yildan buyon hamkorlik qilib kelyapti va yaxshi hosil olyapti. Kelgusida bu texnologiyani lalmi maydonlarga keng joriy etish maqsad qilinmoqda.
[gallery-29375]
Ishtirokchilar pista plantatsiyalarida yomg‘ir suvini yig‘ish texnologiyalari bilan ham tanishdi. Xususan, yarim oysimon suv yig‘uvchi texnologiya orqali yomg‘ir suvini tuproqda ushlab qolish va uni o‘simlik ildiz qismiga yo‘naltirish imkoniyatlari namoyish etildi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu usul qurg‘oqchil hududlarda namlikdan samarali foydalanish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaligi barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Dala kuni doirasida fermerlar o‘z amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, tuproq unumdorligini oshirish, hosildorlikni ko‘paytirish va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirdi.
Ta’kidlanganidek, bunday amaliy seminarlar fermer va mutaxassislarga yangi texnologiyalarni bevosita dala sharoitida sinab ko‘rish, ularning samaradorligini baholash hamda mahalliy sharoitga moslashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, davlat tashkilotlari, xalqaro hamkorlar va fermerlar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari