Samarqandda tayyorlanayotgan tekstil mahsulotlari AQSHga eksport qilinadi
Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘lib turgan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev boshchiligidagi delegatsiya Missuri shtatida xalqaro logistika va yuk tashish xizmatlari yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “ITF Group” kompaniyasi rahbari Saidazim Burxonov bilan uchrashuvda ushbu masalani muhokama qildi.
Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, muloqotda Samarqand viloyatida ishlab chiqarilayotgan tekstil mahsulotlarini xalqaro standartlar asosida AQSHga yetkazib berish, logistika zanjirlarini yo‘lga qo‘yish hamda eksport hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. “ITF Group” kompaniyasining logistika sohasidagi tajribasi va imkoniyatlari Samarqandda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni AQSH bozoriga olib kirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Samarqand viloyati delegatsiyasi safar davomida Vebster universiteti prezidenti Tim Kin bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda asosiy e’tibor kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, ta’lim sohasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash masalalariga qaratildi.

Tomonlar oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar malakasini oshirishga xizmat qiluvchi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Shuningdek, mehnat bozoridagi talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, ta’lim dasturlarini moslashtirish, amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Bu borada xalqaro tajribani keng joriy etish va ilg‘or ta’lim modellari asosida yangi loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri