Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining doimiy komissiyasi a’zolari va deputatlar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini o‘rgandi.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari, Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Obidjon Mo‘minov boshchiligida tashkil etilgan o‘rganishlar davomida Yakkasaroy tumanidagi markaziy avariya-dispetcherlik markazi, Chilonzor suv taqsimlash inshooti va «Algoritm» podstansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.

Yakkasaroydagi markazda gaz tarmoqlaridagi bosimni nazorat qilish, nosozliklarga tezkor munosabat bildirish, avariya brigadalari faoliyati va aholi murojaatlari bilan ishlash tartibi ko‘rib chiqildi. «Hududgaz Poytaxt» GTF boshlig‘i B.Po‘latov bilan markazning texnik imkoniyatlari hamda tarmoqlarning mavsumga tayyorgarligi muhokama qilindi.

Shuningdek, Chilonzor suv taqsimlash inshootida aholi va ijtimoiy ob’ektlarga ichimlik suvini uzluksiz yetkazib berish, suv bosimi va sifatini nazorat qilish, avariyalarning oldini olish masalalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, «Toshkent shahar suv ta’minoti» AJ boshlig‘i S.Mamajonov bilan infratuzilma ishonchliligini oshirish choralari muhokama qilindi. «Algoritm» podstansiyasida modernizatsiya natijalari, uskunalarning holati, elektr ta’minoti barqarorligi va ortib borayotgan yuklamalarga tayyorgarlik o‘rganildi.

Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari filiali direktori Sh.Hamroyev bilan mavsumga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi. O‘rganishlarda kommunal ob’ektlarning ishonchli ishlashi, texnik xavfsizlik, avariyalarning oldini olish hamda aholiga xizmatlarni uzluksiz yetkazib berish masalalari asosiy e’tiborda bo‘ldi.
Mazkur ishlar boshqa manzillarda ham davom etmoqda.
G.Boboyeva,
O‘zA