Kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Kuz-qish mavsumida aholi xonadonlari, ijtimoiy soha ob’ektlari va ko‘p qavatli uylarni barqaror issiqlik bilan ta’minlash har bir hudud uchun muhim vazifalardan sanaladi. Shu bois Navoiy viloyatida 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yil boshidanoq tasdiqlangan rejalar asosida olib borilmoqda. Bu haqda viloyat “Issiqlik ta’minoti” MCHJ direktori Anvar Bo‘riyev muxbirimizga quyidagilarni gapirib berdi:
– Joriy yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyat bo‘yicha 6,9 kilometr issiqlik tarmog‘ini joriy ta’mirlash rejalashtirilgan. Ayni paytda 4,1 kilometrdan ziyod issiqlik tarmog‘ida ishlar bajarildi. Jumladan, Navoiy filialida 2,5 kilometr, Zarafshon filialida 897 metr, Uchquduq filialida esa 516 metr uzunlikdagi issiqlik tarmog‘i ta’mirlandi. “Navoiy qozonxonalar” filialida belgilangan ishlar to‘liq yakunlandi. Ayni paytda tayyorgarlik jarayoni joriy ta’mirlash bilan birga issiqlik tarmoqlarini bosqichma-bosqich yangilash, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va tizim ishonchliligini oshirishga qaratilgan loyihalar bilan uyg‘un holda davom etmoqda.

2025-yil 11-martdagi “Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori asosida quvvat samaradorligini oshirish maqsadida Navoiy shahridagi 3,8 kilometr issiqlik tarmog‘ini mukammal ta’mirlash uchun zarur quvurlar xarid qilinmoqda. Ushbu ishlar uchun 23 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Eskirgan quvurlarni yangilash orqali issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish va xizmat sifatini yaxshilash ko‘zda tutilgan.
Viloyatda issiqlik tarmoqlarini yangilash bo‘yicha yanada keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlari hamda Zafarobod qo‘rg‘onida jami 113 kilometr yaroqsiz tarmoqlarni ta’mirlash dasturi amalga oshirilmoqda. Dasturning 2025 yilga mo‘ljallangan 28,9 kilometrlik birinchi bosqichida 28,4 kilometr tarmoq ta’mirlandi. 2026 yilda mazkur yo‘nalishda yana 22 kilometr tarmoqni ta’mirlash belgilangan. Hozir bu ishlar uchun moliyalashtirish masalasi hal etilish jarayonida. Mablag‘ ajratilganidan so‘ng qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.

Uchquduq shahrida Prezident qarori asosida 40 kilometr issiqlik tarmog‘ini to‘liq yangilash ko‘zda tutilgan. Tanlov natijasiga ko‘ra, pudratchi tashkilot aniqlangan, hozir zarur quvur va jihozlarni xarid qilish ishlari boshlangan.
Issiqlik ta’minotida zamonaviy yondashuvlardan biri – individual issiqlik punktlarini joriy etish. Uchquduq tumanida ko‘p qavatli uylar va ijtimoiy soha ob’ektlariga bunday punktlarni o‘rnatish bo‘yicha loyiha hujjatlari tayyorlanib, davlat ekspertizasiga taqdim etilgan. Vazirlar Mahkamasi qarori asosida esa Uchquduq tumanidagi 212 ta ko‘p xonadonli uy va 11 ta ijtimoiy soha ob’ekti uchun jami 223 ta individual issiqlik punkti o‘rnatiladi. Bu maqsadga 55,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni vaqtda loyihalash ishlarining yakuniy bosqichi olib borilmoqda. Keyingi bosqichda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun tanlov jarayonlari tashkil etiladi.
Tizimni yagona boshqaruv asosida samarali tashkil etish maqsadida boshqa tashkilotlar balansida bo‘lgan 20 ta lokal qozonxonani viloyat “Issiqlik ta’minoti” tasarrufiga qabul qilish ishlari ham davom etmoqda. Ayni paytda zarur hujjatlar rasmiylashtirilib, qozonxonalar joylashgan yer maydonlarini kadastrlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Tarmoqlarni ta’mirlash va yangilash, issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish kabi vazifalar tizimning kelgusi faoliyati uchun ham mustahkam zamin yaratadi. Eng muhimi, rejalashtirilgan ishlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilsa, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish, issiqlik ta’minoti barqarorligini ta’minlash va iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash imkoni yanada kengayadi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri