Kosonsoylik futbolchi Shveysariyada to‘p suradi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Termizning “Surxon” klubi himoyachisi, “Odil Junior” futbol akademiyasi tarbiyalanuvchisi Behruz Karimov faoliyatini Shveysariyada davom ettiradigan bo‘ldi.
Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tavallud topgan 19 yoshli iqtidorli futbolchi “Lugano” klubi rahbariyati bilan 2031-yilga qadar shartnoma imzoladi. Bu haqda “Surxon” klubining matbuot kotibi Sardor Kenjayev xabar berdi.
Ma’lumot o‘rnida, “Lugano” klubi 1908-yilda tashkil etilgan bo‘lib, joriy mavsumda Yevropa Konferensiyalar ligasi ikkinchi saralash bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan. Yaqinda start olgan Shveysariya Superligasining uchinchi tur natijalariga ko‘ra, “Lugano” peshqadamlar safida bormoqda. O‘z tarixida uch martadan mamlakat chempionligi va kubogini qo‘lga kiritgan luganoliklar oxirgi bor 2022-yili Shveysariya kubogiga sazovor bo‘lgan.

E’tirof etish joiz, shu yil iyun-iyul oylarida o‘tkazilgan jahon chempionatida ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida maydonga tushgan Behruz Karimov mundialdagi ajoyib o‘yinlari tufayli Yevropa klublarining nazariga tushgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.