Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasi o‘rganilmoqda
Oliy va kasbiy ta’limni mehnat bozori talablariga mos ravishda rivojlantirish, zamonaviy kasbiy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, shuningdek, ilg‘or raqamli va innovatsion yechimlarni o‘quv jarayoniga joriy etish borasida Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasini o‘rganish maqsadida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari 2026-yil 20–30-sentabr kunlari Koreya Respublikasida tashkil etilgan malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda.
Dastur doirasida delegatsiya a’zolari GRAND-ICT seminarida ishtirok etib, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishdi. Shuningdek, Tech University of Korea (TUK) universiteti faoliyati o‘rganilib, ta’lim, ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyat integratsiyasi bo‘yicha tajriba almashildi.
INTUBE kompaniyasi faoliyati bilan tanishish davomida innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga joriy etish mexanizmlari o‘rganildi. Xususan, kompaniyaning ta’lim jarayonida sun’iy intellektdan foydalanishga yo‘naltirilgan innovatsion yechimlariga e’tibor qaratildi. Job World (Seongnam) markaziga tashrif chog‘ida esa yoshlarni kasbga yo‘naltirish, ularning kasbiy qiziqishi va salohiyatini aniqlash hamda mehnat bozoriga tayyorlash bo‘yicha amaliy yondashuvlar o‘rganildi.

Koreyalik hamkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojlariga moslashtirish, amaliy ta’limni kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng joriy etish hamda ta’lim muassasalari bilan ishlab chiqarish sektori o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Malaka oshirish dasturi yakunlari bo‘yicha o‘rganilgan ilg‘or tajribalarni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish, kasbga yo‘naltirish va amaliy ta’lim mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA