Aholi shovqinning zararli ta’siridan qanday himoya qilinadi?
Shovqin inson salomatligi, ruhiy holati va mehnat qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. 2026-yil 9-sentabrdagi “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun ana shunday noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Shovqinning zararli ta’siri me’yorlarini nazarda tutuvchi 7 ta sanitariya normasi va qoidasi amal qilsa-da, qonunchilikda bu borada qat’iy talablar belgilanmagan edi. Oqibatda ushbu sanitariya normalari va qoidalariga so‘zsiz rioya etilishi ta’minlanmagan.

Bundan tashqari, qonunchilikda inson salomatligi uchun zararli bo‘lgan va ruxsat etilgan darajadan yuqori shovqin keltirib chiqarayotgan ob’ektlarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalalari to‘liq va aniq belgilanmagan.
Shu sababli, zararli shovqin holatlarini tartibga solishda bir qator qiyinchiliklar yuzaga kelgan hamda aholi orasida mazkur holatlar yuzasidan turli shikoyatlar soni ortgan.
“Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bilan aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Vazirlar Mahkamasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bu borada vakolatli organ sifatida belgilandi. Ular Ichki ishlar, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
Qonunda shovqin ta’sirining me’yorlari, fuqarolarning osoyishtaligi va normal dam olishini buzadigan harakatlar, bunday holatlarga yo‘l qo‘yilmaydigan vaqt oralig‘i, O‘zbekiston Respublikasi hududiga transport vositalari va boshqa qatnov vositalari hamda qurilmalarini olib kirish va ularning kirib kelishiga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, atrof tabiiy muhitiga shovqin orqali zararli ta’sir ko‘rsatganlik uchun kompensatsiya to‘lovlari ham belgilandi.
Qonunda belgilangan tartibga ko‘ra quyidagi vaqt oralig‘ida shovqinning yo‘l qo‘yiladigan darajasidan ortiq shovqin chiqarish orqali fuqarolarning osoyishtaligini buzishga yo‘l qo‘yilmaydi: ish kunlari – soat 23:00 dan 07:00 gacha; dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlari – soat 22:00 dan 09:00 gacha.
Shovqinning zararli ta’sirini baholash, jismoniy va yuridik shaxslarning aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilandi.
Ushbu qonun talablari tabiiy shovqinlarga - milliy qonunchilikka muvofiq huquqbuzarliklarning oldini olish, qo‘riqlash xizmati, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish, tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek, jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish natijasida yuzaga keladigan shovqinlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Milliy bayramlar, ommaviy sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni bajarish natijasida yuzaga keladigan shovqinlar ham qonun talablari doirasiga kiritilmaydi.
Qonun bilan aholining qulay tabiiy muhitda hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Fuqarolarning osoyishtaligi ta’minlanib, ularni zararli shovqinlar ta’siridan himoya qilishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar kuchaytiriladi.
Zararli shovqinlar ustidan ta’sirchan davlat va jamoatchilik nazorati tashkil etiladi. Shuningdek, zararli shovqinlarni bartaraf etish va ularning ta’sirini kamaytirishga qaratilgan mexanizmlar joriy etiladi.
Muhimi, shovqinning inson salomatligiga salbiy ta’siri kamaytiriladi. Natijada aholi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklari, asab tizimi buzilishlari, stress va boshqa salbiy holatlarning kamayishiga erishiladi. Shovqin oqibatida aholi salomatligiga yetkaziladigan zarar bilan bog‘liq iqtisodiy yo‘qotishlar ham kamayadi.
Shaharsozlik va hududlarni rejalashtirishda shovqin omilini hisobga olish amaliyoti kuchayadi. Bunda zamonaviy shovqinni kamaytiruvchi texnologiyalar va qurilish materiallarini joriy etish rag‘batlantiriladi.
Shovqinni tartibga solish bo‘yicha vakolatli organlarning vazifalari aniq belgilandi. Bu davlat nazorati va monitoringi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Shovqin darajalarini o‘lchash, baholash va nazorat qilishning yagona tizimi shakllantiriladi.
Mazkur qonun talablarini buzganlik uchun fuqarolarga BHMning uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solinadi. Huquqbuzarlik takroran sodir etilganda, fuqarolarga BHMning besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinadi.
Qonun shovqin manbalari faoliyatini huquqiy tartibga solish hamda davlat organlari va tadbirkorlik sub’ektlarining mas’uliyatini oshirish orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini yanada samarali ta’minlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur qonun 2026-yil 11-dekabrda kuchga kiradi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA