Kontrafakt dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi
Aholi salomatligiga jiddiy xavf tug‘diruvchi kontrafakt va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish bo‘yicha Buxoro viloyatida tizimli chora-tadbirlar davom etmoqda. Navbatdagi tezkor tadbir natijasida katta miqdordagi qalbaki dori vositalari muomaladan chiqarilib, ularning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullangan shaxs fosh etildi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati hamda Milliy gvardiya bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida kontrafakt dori vositalarining noqonuniy savdosi bilan bog‘liq holat aniqlandi.

Tadbir jarayonida nazorat ostiga olingan fuqaro Buxoro shahridagi xususiy dorixonalardan biri yaqinida hech qanday tegishli hujjatlarga ega bo‘lmagan ikki quti “Buserelin-Depo” nomli kontrafakt dori vositasini 2 million 900 ming so‘m evaziga shartli xaridorga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Shundan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan mazkur fuqaro faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan dorixona xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Tekshiruv natijasida savdo shoxobchasida tegishli hujjatlarsiz saqlanayotgan va sotuvga tayyorlangan umumiy qiymati 508 million so‘mlik 121 turdagi 13 ming 641 dona kontrafakt dori vositalari mavjudligi aniqlandi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday dori vositalarining nazoratsiz tarzda aholiga sotilishi inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois ularning noqonuniy aylanmasini barvaqt aniqlash va oldini olish davlat organlarining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yil boshidan buyon Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan 26 ta holatda qiymati 8 milliard 860 million so‘mlik kontrafakt dori vositalari va tibbiyot buyumlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan. Bu esa sohada nazorat tadbirlari izchil kuchaytirilayotganidan dalolat beradi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Noqonuniy muomaladan chiqarilgan dori vositalarining kelib chiqish manbalari, ularni yetkazib berish va realizatsiya qilish bilan bog‘liq barcha holatlar atroflicha o‘rganilib, qonunchilik doirasida huquqiy baho berilishi ta’minlanadi.

Kontrafakt dori vositalariga qarshi kurashish nafaqat iqtisodiy jinoyatlarning oldini olish, balki aholi salomatligini muhofaza qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi tezkor tadbirlar orqali fuqarolarni xavfli va sifati kafolatlanmagan dori vositalaridan himoya qilishga xizmat qilinmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri