Tölovga qobiliyatsizlik işlari agentligi töğrisidagi nizom tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining «Özbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Tölovga qobiliyatsizlik işlari agentligi töğrisidagi nizomni tasdiqlaş haqida» 2026-yil 11-noyabrdagi 616-son qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjat tölovga qobiliyatsizlik sohasida davlat boşqaruvi tizimini isloh qiliş, jarayonlarni töliq raqamlaştiriş va sohadagi byurokratik tösiqlarni soddalaştiriş maqsadida işlab çiqilgan.
Nizomga muvofiq, Adliya vazirligi huzuridagi Tölovga qobiliyatsizlik işlari agentligi tölovga qobiliyatsizlik sohasida yagona davlat siyosatini yuritişga masʼul bölgan maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi. Agentlik tizimiga markaziy apparat hamda Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahri tölovga qobiliyatsizlik işlari bölimlari kiradi.
Agentlikka Özbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan adliya vaziri örinbosari — Agentlik direktori rahbarlik qiladi. Şuningdek, agentlik huzurida jamoatçilik asosida faoliyat yurituvçi Tölovga qobiliyatsizlik sohasini isloh qiliş böyiça ilmiy-maslahat kengaşi taşkil etiladi.
Agentlikning asosiy vazifalari sifatida tölovga qobiliyatsizlik işlari böyiça davlat siyosatini amalga oşiriş va sohani nazorat qiliş, davlat organlari faoliyatini muvofiqlaştiriş, iqtisodiy noçor jismoniy va yuridik şaxslarni moliyaviy soğlomlaştirişga kömaklaşiş hamda jismoniy şaxslarning tölovga qobiliyatsizligi hisobi va tahlilini yuritiş belgilandi. Bundan taşqari, agentlik sud boşqaruvçilarini tayyorlaş kurslariga talablarni belgilaydi, ularni attestatsiyadan ötkazadi, malaka attestatini beradi va faoliyatini qatʼiy nazorat qiladi. Qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda, agentlik sud boşqaruvçilarining attestatini bekor qiliş, moliyaviy jarima qöllaş hamda qarzdorning işlarini boşqaruvçi şaxslarni subsidiar javobgarlikka tortiş böyiça sudga ariza kiritiş haqida körsatma beriş huquqiga ega.
Qaror bilan sohani raqamlaştiriş yönalişida muhim yangilik joriy etilmoqda. Xususan, 2026-yil 1-dekabrdan boşlab tölovga qobiliyatsizlik jarayonlarini onlayn monitoring qiliş imkonini beruvçi Tölovga qobiliyatsizlik işlarini yuritişning yagona elektron platformasi işga tuşiriladi. Uşbu platforma «Tölovga qobiliyatsizlik töğrisida»gi Qonunda eʼlon qilinişi belgilangan maʼlumotlar majburiy joylaştiriladigan rasmiy manba hisoblanadi.
Masʼul şaxslar tegişli maʼlumotlarni şaxsiy kabinetlari orqali elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda joylaştiradilar va ular real vaqt rejimida eʼlon qilinadi.
Şuningdek, agentlik zimmasiga tölovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari jarayonidagi yuridik va jismoniy şaxslar reyestrini, şaharni taşkil etuvçi korxonalar reyestrini yuritiş hamda jinoyat işlari böyiça xatlangan yuridik şaxslarning mulkiy komplekslari va aktivlarini vaqtinça boşqariş işlarini taşkil etiş vazifasi yuklatildi. Agentlik har çorakda tölovga qobiliyatsizlik holatlarini sohalar va hududlar kesimida çuqur tahlil qilib, iqtisodiy noçorlikka olib kelayotgan omillarni bartaraf etiş yuzasidan Prezident Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.
Mazkur qarorning qabul qilinişi tölovga qobiliyatsizlik tartib-taomillarida oçiqlik va şaffoflikni taʼminlaş, kreditorlar va qarzdorlarning qonuniy manfaatlarini işonçli himoya qiliş hamda iqtisodiy noçor korxonalarni soğlomlaştiriş mexanizmlarini kuçaytirişga xizmat qiladi.
ÖzA