Kolumbiyadagi kuchli zilzila: vayrona, qutqaruv ishi va xalqaro yordam
10-avgust kuni Kolumbiyada sodir bo‘lgan magnitudasi 7,4 balli zilzila mamlakatda og‘ir oqibatlarga olib keldi. Ofat o‘chog‘i joylashgan Choko departamenti va boshqa yaqin manzillar bo‘ylab vayrona ostida qolganlarni qidirish, ularga yordam ko‘rsatish davom etyapti. Hokimiyat qurbonlar soni ortishi mumkinligini istisno qilmagan.
12-avgust holatiga ko‘ra, 240 fuqaro halok bo‘lgani ma’lum qilingan. BMT Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi kamida 2 595 kishi jarohatlanganini bildirgan. Binobarin, xalqaro tashkilot hududlarda jabrlanganlar haqidagi ma’lumot hali to‘liq emasligini ta’kidlamoqda. Bu holat qidiruv-qutqaruv amaliyotini tashkil etish, vaqtincha boshpana tayyorlash va tibbiy yordam ko‘rsatish jarayonini qiyinlashtiryapti.
Eng og‘ir vaziyat Kali va Pereyra shaharlarida kuzatildi: juda ko‘p bino qulagan, yuzlab odam vayrona ostida qolgan. Chuqur yoriq paydo bo‘lgan uylarda yashash imkonsiz, minglab aholi boshpanasiz qoldi. Qutqaruvchilar og‘ir texnika, kran va maxsus tayyorlangan itlardan foydalanmoqda. Ayrim hollarda vayrona ostida tirik qolganlarni aniqlash uchun qutqaruvchilar atrofdagilardan sukut saqlashni so‘ramoqda.

Pereyrada 32 yoshli Daniela Largo vayron bino orasidan 36 soatdan so‘ng tirik olib chiqildi. Qutqaruv payti kamdan-kam uchraydigan bu quvonchli voqea mutaxassislar va ko‘ngillilarga ishni davom ettirish uchun qo‘shimcha kuch berdi.

Yer qimirlashi Kolumbiyaning kundalik hayoti va iqtisodiyotiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Chokoning ayrim hududlarida elektr energiyasi va asosiy hayotiy xizmat bilan bog‘liq muammo saqlanib turibdi. Zarar ko‘rgan ba’zi hududlar bilan aloqa hali tiklanmagan. Pereyra, Popayan va Kartago aeroportlaridan parvoz cheklangan. Mamlakatning asosiy porti hisoblangan Buenaventurada ham uzilish kuzatilgan. Muhim avtomobil yo‘llari to‘silishi esa kofe eksportini qiyinlashtirdi.
Tabiiy ofat iqtisodiy jihatdan zaif hududga to‘g‘ri kelgani vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda. Zero, ayrim yaqin aholi manzillarida aholi avvaldan oziq-ovqat tanqisligi muammosi bilan kurashib kelgan. Endi ularga xavfsiz boshpana, toza suv, oziq-ovqat va sanitariya vositalari yanayam zarur.
Prezident Abelardo de la Esprielya lavozimga kirishganidan bir necha kun o‘tib yuz bergan falokat hududiga borib, muhim tashrifi chog‘ida aholiga iqtisodiy yordam ko‘rsatilishini bildirdi.

Falokat oqibatini bartaraf etishga xalqaro hamjamiyat ham qo‘shilmoqda. Yevropa Ittifoqi eng ko‘p zarar ko‘rgan manzillar aholisiga 2 million yevro ajratishini ma’lum qildi. Germaniyaning mashhur ishlab chiqaruvchi tashkiloti ham 100 000 yevro miqdorida shoshilinch yordam yo‘naltirmoqda. AQSH Davlat departamenti esa Kolumbiya uchun 15,5 million dollarlik favqulodda yordam ajratilishini e’lon qildi.
Kolumbiya Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzila 10-avgust kuni mahalliy vaqt bilan soat 07:34 da sodir bo‘lgan. O‘choq mamlakat g‘arbidagi San-Xose-del-Palmar shahri yaqinida, taxminan 103 kilometr chuqurlikda qayd etilgan. Keyinchalik ko‘plab takroriy silkinish kuzatilgan.
Mutaxassislar mazkur ofatni XXI asrda Kolumbiyada qayd etilgan eng kuchli zilzila deya baholamoqda. Hozirgi asosiy vazifa vayrona ostida qolganlarni topish, jabrlanganlarni davolash va boshpanasiz qolgan aholini zarur vositalar bilan ta’minlashdir. Qurbonlar va zarar ko‘lami bo‘yicha aniq ma’lumot qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanishi bilan oydinlashishi kutilyapti.
D.Hakimov, O‘zA