Ko‘krak nishoniga 2 020 nafar buxorolik yurtdoshimiz sazovor bo‘ldi
2 020 nafar buxorolik “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Mustaqillik — bu shunchaki tarixiy sana emas. U xalqning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, ertangi kuniga ishonch bilan qarashi, orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarishi va o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun ochilgan buyuk imkoniyatdir. Bugun Yangi O‘zbekistonda kechayotgan ulkan o‘zgarishlar, bunyodkorliklar va islohotlar zamirida ana shu buyuk ne’matni asrab-avaylash, uning qadrini yanada yuksaltirishdek ezgu maqsad mujassam.
Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, xalq manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Bu jarayonda mehnatsevar, mard va olijanob yurtdoshlarimiz o‘z bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, kuch-g‘ayrati hamda ezgu tashabbuslari bilan faol ishtirok etishmoqda.
Ana shunday fidoyi insonlarning el-yurt oldidagi xizmatlarini munosib qadrlash — yuksak ma’naviy qadriyatdir. Zero, mehnatga berilgan e’tibor insonni yangi marralarga undaydi, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlaydi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi va rahnamoligida mamlakatimizda inson mehnati va uning jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissini munosib baholash, fidoyi yurtdoshlarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 22-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoni ham ana shu ezgu siyosatning amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur hujjatga muvofiq, mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi farovonligini oshirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida islohotlar samaradorligini ta’minlashda faollik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlar ham ushbu yuksak e’tirofga munosib ko‘rildi.
E’tiborlisi, mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan esdalik nishoniga 2 020 nafar buxorolik yurtdoshimiz sazovor bo‘ldi.
Bu raqam ortida minglab taqdirlar, yillar davomidagi halol mehnat, izlanish va intilishlar, el-yurt manfaati yo‘lida qilingan ezgu ishlar mujassam. Bu — Buxoro ahlining mamlakat taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasiga berilgan yuksak bahodir.
Ayni kunlarda mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bayram tadbirlari doirasida davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari hamda boshqa idoralarda esdalik nishoni bilan taqdirlangan yurtdoshlarga mukofotlar tantanali ravishda topshirilmoqda.
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan ana shunday tantanali marosimda ham bir guruh buxoroliklarga davlatimizning yuksak e’tirofi — “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Botir Zaripov mukofotga munosib ko‘rilgan yurtdoshlarni samimiy muborakbod etdi.
Viloyat rahbari o‘z so‘zida mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan insonlarning xizmatlari beqiyos ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ularning kasbiga sadoqati, tashabbuskorligi va el manfaati yo‘lidagi sa’y-harakatlari alohida e’tirof etilib, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri