Chorva bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning aeroport xizmatlariga ketadigan xarajatlari kamaytiriladi
O‘zbekistonga xorijdan chorva mollarini havo orqali olib kiruvchi tadbirkorlar uchun aeroport xizmatlarida yangi imtiyozlar joriy etildi.
“Uzbekistan Airports” AJ yuk qabul qiluvchilar uchun mamlakatga havo transporti orqali olib kiriladigan chorva mollariga ishlov berish bo‘yicha imtiyozli tariflarni joriy qildi. Yangi tariflar O‘zbekiston xalqaro aeroportlarida havo orqali olib kelinadigan yirik shoxli qoramol, qo‘y va echkilarga ishlov berish xizmatlari uchun qo‘llaniladi. Imtiyozli tarif doirasida samolyot qo‘ngandan keyin amalga oshiriladigan asosiy xizmatlar — hayvonlarni qabul qilib olish va tushirish, ularni joylashtirish hamda belgilangan aeroportda yukka ishlov berish ishlari qamrab olinadi.
Bu tadbirkorlarga nima beradi?
Yangi tariflar, avvalo, import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning aeroport xizmatlariga ketadigan xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi. Bu esa chorva mollarini O‘zbekistonga yetkazib berishning umumiy tannarxini pasaytirish imkonini beradi. Ayniqsa, katta hajmdagi chorva mollari import qilinganda logistika xarajatlarining kamayishi yakuniy narxga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Uzbekistan Airports” AJ Tijorat departamenti ma’lum qilishicha, tariflar, ularni qo‘llash tartibi va xizmat ko‘rsatish shartlari haqida batafsil ma’lumot olish uchun yuk qabul qiluvchilar bevosita O‘zbekiston xalqaro aeroportlariga murojaat qilishlari mumkin. Tarif siyosatining yangilanishi chorva mollarini havo orqali tashishni tadbirkorlar uchun yanada jozibador qilish bilan birga, mamlakat aeroportlarida yuk tashish yo‘nalishini rivojlantirishga ham turtki berishi kutilmoqda.
Yangi imtiyozlar natijasida chorva mollarini import qilishda logistika xarajatlarining qisqarishi, tadbirkorlar uchun qulayliklarning oshishi va ichki bozorda chorvachilikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar paydo bo‘lishi mumkin.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA