Ko‘chadan topilgan qimmatbaho buyum qonunan kimda qolishi kerak?
Huquqiy munosabat
Agar bu xolatda buyum bino ichidan, jumladan, savdo majmuasi, restoran yoki transportda topilgan bo‘lsa, u o‘sha bino yoki transport rahbariyatiga (egasiga) topshirilishi lozim. Ular buyumning egasini topish bo‘yicha topib oluvchining huquq va majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev bu borada quyidagilarni ma’lum qildi:
-Fuqarolik kodeksining 192-moddasiga ko‘ra, topilgan ashyo qaytarilishini talab qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs noma’lum bo‘lsa yoki uning manzili ma’lum bo‘lmasa, ashyoni topib olgan shaxs topilma to‘g‘risida ichki ishlar organiga, tegishli davlat organlariga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ma’lum qilishi shart.
Agar topilmaning egasi ariza bilan murojaat qilmasa, fuqarolik kodeksining 193-moddasiga ko‘ra, agar yo‘qolgan ashyoni olishga haqli bo‘lgan shaxs topilma to‘g‘risida ichki ishlar organiga yoki tegishli davlat organiga xabar qilingan paytdan e’tiboran olti oy mobaynida aniqlanmasa hamda ashyoni topgan shaxsga yoxud ichki ishlar organiga, tegishli davlat organiga yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ushbu ashyoga bo‘lgan o‘z huquqi to‘g‘risida arz qilmasa, ashyoni topib olgan shaxs unga egalik huquqini oladi.
Demak, topib olingan qimmatbaho buyumning egasi 6 oy ichida topilmasa mulk huquqi uni topgan odamga o‘tadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA