Kichkintoylarga yangi maskan tuhfa etildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Guliston shahrining Nihol mahallasida 330 o‘ringa mo‘ljallangan 6-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Umumiy qiymati 7,8 milliard so‘m bo‘lgan loyiha asosida qayta qurilgan mazkur muassasada bolajonlarning ta’lim-tarbiya olishi uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratildi.
Yangi binodan foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Guliston shahar hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi xodimlari, muassasa tarbiyalanuvchilari va ularning ota-onalari, shuningdek, nuroniylar ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda yosh avlod ta’limi va tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor, maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr bildirdilar. Yangi muassasa mustaqillik tufayli yaratilgan imkoniyatlar, davlat rahbarining ta’lim sohasiga, xususan, bolalar tarbiyasiga qaratayotgan yuksak e’tiborining amaliy samarasi ekani ta’kidlandi.
1987-yilda qurilgan eski bino o‘rniga zamonaviy talablar asosida barpo etilgan yangi muassasa “Guliston Daryo Bulding” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan loyiha asosida bunyod etildi. Qurilish ishlariga 7,8 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
[gallery-31161]
Muassasada tarbiyalanuvchilar uchun yorug‘ va shinam xonalar, zamonaviy jihozlar hamda ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish uchun zarur sharoitlar yaratildi. Bu yerda bolalarning qiziqish va qobiliyatlarini rivojlantirish, ularni maktab ta’limiga puxta tayyorlash uchun munosib imkoniyatlar mavjud.
Yangi bog‘chaning foydalanishga topshirilishi, ayniqsa, mahalladagi ota-onalar uchun quvonarli voqea bo‘ldi. Zero, bola uchun yaratilgan har bir qulaylik — uning sog‘lom va barkamol ulg‘ayishiga qo‘yilgan muhim qadamdir.
Tadbir yakunida nuroniylar yangi maskanga fayzu baraka, tarbiyalanuvchilarga sog‘lom va baxtli bolalik, ustoz va tarbiyachilarga esa sharafli mehnatlarida muvaffaqiyat tiladilar.
Kichkintoylarning quvonchi, ota-onalarning mamnunligi va nuroniylarning ezgu tilaklari mujassam bo‘lgan bu kun Nihol mahallasi hayotida unutilmas voqea bo‘lib qoldi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA