“Yangi Sirdaryo” – yangilanayotgan nashr
Sirdaryo viloyati hokimligi muassisligida nashr etilayotgan “Yangi Sirdaryo” gazetasi 1963-yilda dastlab “Sirdaryo haqiqati” nomi bilan chop etilgan. Ijodiy jamoada bir necha avlod gazetachilar maktabi shakllangan bo‘lib, o‘z davrida u Sirdaryo cho‘llarini o‘zlashtirishga jalb etilgan turli millat vakillarining sevimli nashriga aylangan. Ammo bosma nashrlar boshidan kechirgan murakkab yillarda gazeta faoliyatida ham rahbarlarning tez-tez almashuvi, nashr va bosmaxona xarajatlarining oshishi bilan bog‘liq qator muammolar paydo bo‘ldi.
– Ayni vaqtda nashrimiz 18 200 nusxada chop etilmoqda, – deydi gazeta bosh muharriri Bahrom Boymurodov. – Uning ruscha ilovasi 1 500 nusxada. Gazeta shaklan o‘z nomiga mos ravishda yangilandi, Telegram, Instagram, YouTube va Facebook tarmoqlari orqali blog va kanallari shakllantirildi. Veb-saytimiz rus, ingliz va o‘zbek tillarida o‘z auditoriyasini kun sayin kengaytirmoqda. Jamoada yangi mualliflar soni oshdi, eng muhimi, o‘quvchilarning bizga ishonchi paydo bo‘ldi.

Gazeta sahifalarini varaqlab bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. U A2 formatda, 4 sahifada rangli tarzda chop etiladi. Ayniqsa, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda karikatura janrining yo‘lga qo‘yilgani ahamiyatlidir. Maqolalar shunchaki raqamlarni qayd etish emas, balki tahliliy-tanqidiy ruhda yoritilib, aksariyat hollarda muallifning o‘z suratlaridan foydalanilmoqda. Jamoaga keyingi paytda Xurshida Nishonova, Adolat Ahmadjonova, Marjona Mirzaboyeva, Sevinch G‘aniyeva kabi qalamkashlar, Anvar Saidqulov va Shahjahon Sharipov kabi fotojurnalistlar kelib qo‘shildi. Ularning turli mavzudagi chiqishlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.
Guliston shahridagi gazetachilar binosi ham tubdan yangilandi. Ijodiy xodimlarning xonalari ta’mirlanib, zamonaviy uskunalar keltirildi. Bu esa zahmatli soha xodimlarining ish faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Sirdaryoliklarga xos yana bir ibratli yangilik – gazeta qoshida maxsus muzey tashkil etilganidir.

Muzeydan nafaqat gazeta va matbaachilik, balki viloyat tarixiga oid juda ko‘plab eksponatlar o‘rin olgan. Bu yerda yoshlar uchun notanish bo‘lgan fotojurnalistlarning rasmni kimyoviy yuvib tayyorlash ashyolari, gazetaning qo‘rg‘oshin qoliplarda bosilish davridagi linotip bo‘laklari, o‘tgan asrning 60–70-yillaridan buyon yig‘ib borilgan taxlamlar, jurnalistlarning yon daftarchalari va sobiq bosh muharrirlarning ish stolidagi buyumlari saqlanmoqda.

Hatto Ikkinchi jahon urushidan esdalik sifatida olib kelingan, marshal Jukovning aynan sirdaryolik jangchiga topshirgan etigi ham kishini befarq qoldirmaydi. Bularning barchasini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rishni xohlasangiz, Sirdaryoga, Guliston shahriga tashrif buyuring, hurmatli zamondosh!
O‘ljaboy Qarshiyev,
O‘zA