Kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar
O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 26-maydagi “Kichik biznes sub’ektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini rag‘batlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida iqtisodiyotimizning asosiy tayansi va suyanchi bo‘lgan tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda.

Respublika Soliq qo‘mitasi rahbariyati tomonidan Namangan shahridagi “Oydin Plaza” mehmononasi anjumanlar zalida mazkur hujjatning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan yangi tartiblar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida batafsil ma’lumotlar berildi.

– Bizni qiziqtirgan asosiy masalalardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘i, ya’ni QQS bo‘yicha yangi tartib bo‘ldi. 2030-yilgacha ushbu soddalashtirilgan tizimni ixtiyoriy tanlash imkoniyati yaratilayapti ekan, – deydi biznes sub’ektlaridan birining hisobchisi Bobur O‘rmonov. – Qo‘shilgan qiymat solig‘ining olti foiz, foyda solig‘ining esa nol foiz etib belgilanishi tadbirkorlar uchun juda katta yengillik deb hisoblayman. Bu bizga faoliyatimizni yanada kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirishga turtki beradi.

Oshkora va samimiy ruhda kechgan muloqot davomida ishbilarmonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan murojaat qilib, mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.
E’tirof etish o‘rinliki, ilgarilari tadbirkorlar muammoni hal etish uchun rahbar bilan uchrashishni oylab kutgan. Bugungi kunda esa amaldorlarning o‘zlari bizni eshitish uchun uchrashuvlar tashkil etyapti. Kattami, kichikmi biznes vakillariga birdek e’tibor qaratilayotgani oddiy fuqarolar orasidan ham tadbirkorlikka qiziqib, qo‘l urayotganlar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri