2,2 milliard so‘mlik bojxona to‘lovini to‘lamaslikka urinish fosh etildi
17,5 milliard so‘mlik sovutish tizimi uskunalarini bojxona imtiyozlaridan noqonuniy foydalangan holda rasmiylashtirish orqali davlat byudjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan 2 milliard 212 million so‘mlik bojxona to‘lovlarini to‘lamaslikka urinish o‘z vaqtida aniqlandi.
Davlat byudjetiga undirilishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlaridan noqonuniy ravishda qochishga qaratilgan navbatdagi urinish Toshkent shahar bojxona boshqarmasining «Toshkent-tovar» TIF bojxona posti xodimlari tomonidan fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, xorijiy davlatdan O‘zbekiston hududiga umumiy qiymati 17,5 milliard so‘mlik sovutish tizimi uskunalari — chiller tizimi olib kirilgan.

Biroq tadbirkor tomonidan tovarlarni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida amaldagi imtiyozlardan noqonuniy foydalanishga urinilgan. Xususan, yuk hujjatlarida mazkur tovarlar «sovutish tizimi mexanik qurilmalarining qismlari» sifatida ko‘rsatilgan. Shu orqali tovarlarga nisbatan bojxona imtiyozlarini qo‘llashga asos yaratish va natijada to‘lanishi lozim bo‘lgan bojxona to‘lovlarini kamaytirish maqsad qilingan.

Bojxona nazorati jarayonida esa taqdim etilgan ma’lumotlarning haqiqatga mos kelmasligi aniqlandi. Natijada bojxona imtiyozlaridan suiiste’mol qilish orqali davlat byudjetiga 2 milliard 212 million so‘m miqdoridagi bojxona to‘lovlarini to‘lamaslikka urinish sodir etilgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan holatdan so‘ng tovarlarga nisbatan qo‘llanilgan bojxona imtiyozlari bekor qilindi. Hozirda mazkur tovarlar vaqtincha saqlovga olingan. Holat yuzasidan belgilangan tartibda surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mazkur holat bojxona rasmiylashtiruvida tovarlarning nomi va tasnifini hujjatlarda to‘g‘ri ko‘rsatish, shuningdek, bojxona imtiyozlaridan qonuniy va belgilangan maqsadlarda foydalanish muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA