Kiberjinoyatlar xavfi va unga qarshi choralar samaradorligi
Bugungi axborot asrida raqamli texnologiyalarning keng imkoniyatlari bilan birga bir qator muammolari, salbiy jihatlari ham borligi barchamizga ayon. Jumladan, kompyuterlar, tarmoqlar, internet yoki raqamli tizimlar orqali sodir etiladigan huquqbuzarliklar — kiberjinoyatlar soni va xavfi kundan-kunga ortib bormoqda.
Bu turdagi jinoyatlar shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlashdan tortib, bank hisoblarini buzish, virus tarqatish va onlayn firibgarlik ko‘rinishida sodir etilmoqda. Foydalanuvchini aldash orqali parol, karta raqami yoki shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish, kompyuter yoki serverlarga ruxsatsiz kirish orqali ma’lumotlar o‘g‘irlanmoqda, tizimlar ishdan chiqarilayotgani kuzatilmoqda.
Bundan tashqari, internet-do‘konlar, kriptovalyuta, investitsiya yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali pul o‘g‘irlash kabi kiberjinoyatlar oqibatida ko‘plab moliyaviy zararlar ko‘rilmoqda. Bu jinoyatlar oqibatida shaxsiy ma’lumotlar tarqalishi, shuningdek, davlat tizimlariga xavf yuzaga kelishi mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab birgina 2024-yilda 15 milliondan ortiq kiberhujum qayd etilgan. Mazkur kiberjinoyatlar tufayli keltirilgan moliyaviy zarar 16 milliard dollardan oshgan. Bu 2023-yilga nisbatan 33 foizga ko‘pdir.
Eng ko‘p uchraydigan kiberjinoyat turi — fishing (foydalanuvchini aldash orqali parol, karta raqami yoki shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish) bo‘lib, 2024-yilda barcha kiberhujumlarning taxminan 38 foizini tashkil etgan.
O‘zbekistonda ham kiberjinoyatlar soni ko‘payib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida bu turdagi jinoyatlar 68 baravarga oshgan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, kiberjinoyatlarning 98 foizi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarliklardir.
Ta’kidlash lozimki, internet foydalanuvchilari sonining ortishi, onlayn to‘lovlar ko‘payishi, sun’iy intellektdan g‘araz maqsadlarda foydalanish, fuqarolarning oddiy parollar va xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasligi, e’tiborsizligi kabi omillar kiberjinoyatlar ko‘payib borishiga sabab bo‘laveradi.
Shunday ekan, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish eng dolzarb masalalardan biri. Buning uchun, avvalo, huquqiy asoslarni mustahkamlash eng birinchi qadamlardan hisoblanadi. Bu borada bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Ayni paytda esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishga tayyorlanayotgan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi yuqoridagi kabi masalalarni tartibga solishda muhim ahamiyatga ega.
Ushbu qonun loyihasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlarining vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi ushbu yo‘nalishdagi vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.
Shuningdek, davlat organlari, banklar, to‘lov tashkilotlari hamda internet-provayderlar zimmasiga axborot xavfsizligini ta’minlash, shubhali moliyaviy operatsiyalarni monitoring qilish va vakolatli organlarga tezkor axborot taqdim etish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatlar yuklanmoqda.
Ayni vaqtda qonun loyihasi quyi palataning Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida keng muhokama qilinmoqda. Ishchi guruh yig‘ilishlarida xalq vakillari tomonidan berilgan takliflar ko‘rib chiqilib, loyihani yanada takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Deputatlarning moliyaviy xavfsizlikni mustahkamlash, raqamli dalillar bilan ishlash tartibini yanada aniqlashtirish, xalqaro hamkorlik mexanizmlarini kengaytirish bo‘yicha bir qator takliflari asosida qonun loyihasi maromiga yetkazilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytganda, bugungi axborot va raqamlashtirish zamonida kiberfiribgarliklardan ogoh va o‘ta ehtiyot bo‘lish zarur. Shuningdek, foydalanuvchilarning kibersavodxonligini oshirish, zararli ilovalardan saqlanish, shaxsiy ma’lumotlar va parollar xavfsizligini ta’minlash dolzarb ahamiyatga ega. Ko‘payib, turi va ko‘rinishi yangilanib borayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda qonunchilik asoslarining takomillashtirib borilishi esa bugungi davr talabi.
Muhtarama Komilova, O‘zA