Karlo Anchelotti JCh-2026 dagi ilk o‘yin uchun Braziliya terma jamoasining asosiy tarkibini aniqlab oldi
Marokashga qarshi uchrashuv 13-iyun kuniga rejalashtirilgan.
Braziliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Misrga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvi (2:1) borasida fikr bildirdi va jahon chempionatidagi ilk rasmiy o‘yin — Marokash terma jamoasiga qarshi bahs uchun asosiy tarkibni aniqlab bo‘lganini ma’lum qildi. Mazkur uchrashuv 13-iyun kuniga rejalashtirilgan.
"Menda Marokashga qarshi o‘yin uchun boshlang‘ich tarkib tayyor. Bu borada aniq tasavvurga egaman. Nazarimda, [Misr bilan o‘yinda] Vinisius va Rafinya bog‘lamasi juda yaxshi ishladi. Ular muvaffaqiyatli hamkorlik qilishdi, buning evaziga bizda xavfli vaziyatlar yuzaga keldi. Har ikki futbolchi ham ajoyib o‘yin o‘tkazdi deb hisoblayman.
Jamoa yaxshi harakat qildi — yuqori tempda, shiddatli va sifatli o‘yin namoyish etdi. Pressingdagi faollik ham yuqori darajada bo‘ldi. Faqat so‘nggi 30 daqiqalikda bizga ko‘proq nazorat yetishmadi, deb o‘ylayman. Biz haddan tashqari ko‘p chuqur hujumlar tashkil qilishga urinib yubordik. Vaholanki, bunga ehtiyoj yoq edi — biz baribir hisobda oldinda borayotgandik", — deya Anchelottining so‘zlarini keltirmoqda Globo nashri.