O'zbekiston terma jamoasi JCH pley-offiga chiqa oladimi? Imkoniyatlar juda past, ammo hali ham bor
Ayni paytda Fabio Kannavaro shogirdlari biror ochko jamg'ara olmay, -7 to'plar nisbati bilan guruhda so'nggi o'rinni egallab turibdi.
Portugaliyadan uchralgan yirik mag'lubiyat (0:5) O'zbekiston terma jamoasining Jahon chempionati 1/16 finaliga chiqish imkoniyatlaridan butkul mahrum qilmadi, biroq vaziyat juda murakkab.
Ayni paytda Fabio Kannavaro shogirdlari biror ochko jamg'ara olmay, -7 to'plar nisbati bilan guruhda so'nggi o'rinni egallab turibdi.
JCH-2026. "K" guruhi
| O'rin | Jamoa | O' | G' | D | M | To'plar nisbati | O |
|---|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | Portugaliya | 2 | 1 | 1 | 0 | 6-1 | 4 |
| 2 | Kolumbiya | 1 | 1 | 0 | 0 | 3-1 | 3 |
| 3 | Kongo DR | 1 | 0 | 1 | 0 | 1-1 | 1 |
| 4 | O'zbekiston | 2 | 0 | 0 | 2 | 1-8 | 0 |
2-turning Kongo DR — Kolumbiya uchrashuvi ertaga hozirda bo'lib o'tmoqda. 3-turda esa Kongo DR — O'zbekiston hamda Kolumbiya — Portugaliya bahslari o'tkaziladi (ikkala o'yin ham 28-iyun kuni o'tkaziladi).
O'zbekiston guruhda dastlabki ikki o'rinni egallash imkoniyatini mutlaqo yo'qotdi — hatto Kolumbiya bilan ochkolar tenglashib qolgan taqdirda ham, o'zaro o'yindagi mag'lubiyat (3:1) tufayli Janubiy Amerika vakili yuqorida bo'ladi. Biroq JCH-2026 reglamentiga ko'ra, 12 ta guruhdan eng yaxshi natija ko'rsatgan 8 ta uchinchi o'rin sohibi ham pley-off yo'llanmasini qo'lga kiritadi. Fabio Kannavaro jamoasining yagona umidi aynan shundan.
Asosiy shart: Birinchi navbatda, Kongo DR Kolumbiyani mag'lub etmasligi kerak. Afrikaliklarning g'alabasi vakillarimizni hatto matematik imkoniyatlardan ham mahrum qiladi va jamoamiz guruhda aniq so'nggi o'rinda qoladi. Kongo ochko yo'qotsa yoki mag'lub bo'lsa — bu bizga qo'l keladi, asosiysi g'alaba qozonmasligi shart.
Agar Kongo DR Kolumbiyani yuta olmasa, O'zbekiston so'nggi turda ushbu raqibini mag'lub etishi shart bo'ladi. Shunda vakillarimiz 3 ochko bilan guruhda aniq uchinchi o'rinni egallaydi.
Biroq bu ham 1/16 finalni kafolatlamaydi, chunki O'zbekistonning to'plar nisbati juda yomon (-7). Oddiy 1:0 yoki 2:0 hisobidagi g'alabalar vaziyatni o'zgartira olmasligi mumkin — bizga yirik hisobdagi g'alaba zarur. Qanchalik ko'p gol urilsa, imkoniyat shunchalik yuqori bo'ladi.
"Football Meets Data" tahliliy portalining ma'lumotlariga ko'ra, ayni paytda hatto 3 ochko va -2 to'plar nisbati bilan ham pley-offga chiqish imkoniyati 81,1 foizni tashkil etmoqda. Ammo yakuniy natija boshqa guruhlardagi vaziyatga ham bog'liq bo'ladi.
Portugaliyadan qabul qilingan mag'lubiyatdan so'ng, "Opta" superkompyuteri O'zbekistonning pley-offga chiqish imkoniyatini 7,03 foizga baholamoqda.