Karim Benzema faoliyatini Turkiyada davom ettirishi mumkin
Benzemaning «Al-Hilol» bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha davom etadi.
«Trabzonspor» hujum chizig‘ini Karim Benzema bilan kuchaytirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Turkiya klubi «Al-Hilol» forvardining vakillari bilan bog‘lanib, ehtimoliy transferning moliyaviy shartlari haqida ma’lumot olgan.
Jurnalist Yagiz Sabunjuo‘g‘lining yozishicha, Benzema trabzonliklarning dastlabki tanlovi bo‘lmagan. Klub avval Darvin Nunesni o‘z safiga qo‘shishga uringan, biroq ushbu transfer bo‘yicha kelishuvga erisha olmagan.
Shundan so‘ng «Trabzonspor» e’tiborini 38 yoshli fransiyalik hujumchiga qaratgan. Hozircha tomonlar o‘rtasida rasmiy muzokara yoki transfer taklifi borligi haqida ma’lumot berilmagan.
Benzemaning «Al-Hilol» bilan amaldagi shartnomasi 2027-yilgacha davom etadi. Transfermarkt portali «Oltin to‘p» sohibining bozor qiymatini 5 mln yevroga baholamoqda.
Fransiyalik futbolchi joriy mavsumda barcha turnirlar hisobida ikkita uchrashuvda qatnashib, bitta gol urdi.