Kamilla Rahimovaning navbatdagi raqibi aniq bo‘ldi
Yaponiyaning Tokio shahrida ayollar o‘rtasida o‘tayotgan WTA 500 turkumiga kiruvchi "Toray Pan Pacific Open" turnirida mamlakatimizning ikkinchi raqamli tennischisi Kamilla Rahimova muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Tennischimiz ushbu nufuzli turnirning chorak final bahsida Avstraliya vakili Mayya Joyntga qarshi kortga chiqdi va 7:5, 5:7, 6:1 hisobida zafar quchdi. Shu tariqa yarim finalga yo‘l olgan Kamilla Rahimova endi kanadalik Leyla Fernandes bilan kuch sinashadi.
Ma’lumot uchun, «Toray Pan Pacific Open» turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 1 million 206 ming 446 AQSH dollarini tashkil etadi. Musobaqa g‘olibi 185 ming 500 AQSH dollari, finalchi 114 ming 500 AQSH dollari, yarim final ishtirokchilari 66 ming 3 AQSH dollaridan mukofot puliga ega bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA