O‘zbekiston delegatsiyasi Yoshlar Olimpiadasida: 19 nafar sportchimiz musobaqalarda qatnashadi
Senegal poytaxti Dakar shahrida 31-oktabr – 13-noyabr kunlari IV yoshlar yozgi Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. To‘rt yilda bir marta tashkil etiladigan mazkur musobaqada dunyoning turli mamlakatlaridan yosh sportchilar ishtirok etadi.
O‘zbekiston delegatsiyasi ushbu o‘yinlarda 11 ta sport turi bo‘yicha 19 nafar sportchi bilan qatnashadi. Vakillarimiz boks, dzyudo, taekvondo WT, suzish, qilichbozlik, kamondan otish, sport gimnastikasi, yengil atletika, ushu, triatlon va veloshosse yo‘nalishlarida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

O‘zbekiston yosh sportchilari shu kunga qadar uch marta yoshlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, jami 34 ta medalni qo‘lga kiritgan. “Singapur-2010” musobaqasida 3 ta kumush va 5 ta bronza (jami 8 ta), “Nankin-2014” o‘yinlarida 4 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza (jami 10 ta) hamda “Buenos-Ayres-2018” bahslarida 5 ta oltin, 4 ta kumush va 7 ta bronza (jami 16 ta) medalga sazovor bo‘lgan. Shu tariqa, yosh sportchilarimiz mamlakat delegatsiyasi hisobiga jami 9 ta oltin, 10 ta kumush va 15 ta bronza, ya’ni umumiy hisobda 34 ta medalni rasmiylashtirib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Senegal poytaxti Dakar shahrida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan Olimpiya o‘yinlari COVID-19 pandemiyasi va “Tokio-2020” Olimpiadasining 2021-yilga surilishi sababli yuzaga kelgan tashkiliy, moliyaviy hamda sport taqvimidagi tig‘izlik tufayli bekor qilinib, 2026-yilga ko‘chirilgan. Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi va Senegal hukumati o‘zaro kelishgan holda milliy qo‘mitalarga tayyorgarlik uchun qo‘shimcha vaqt berishga qaror qildi va natijada Afrika qit’asi mezbonlik qiladigan ushbu ilk Olimpiya musobaqasi shu yilning 31-oktabridan 13-noyabriga qadar o‘tkazilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA