Kadastr hujjati yo‘q uylarning taqdiri nima bo‘ladi? (+Video)
Uy inson uchun shunchaki to‘rt devor va tomdan iborat imorat emas. U yillar davomida yig‘ilgan mehnat, oilaviy xotiralar, farzandlar kulgisi va ertangi kunga bo‘lgan ishonch mujassam bo‘lgan maskan.
Kimdir o‘z uyiga bir umrlik mehnati evaziga erishadi, kimdirga esa ota-bobosidan meros qoladi. Uyning har bir g‘ishtida umid, har bir xonasida xotira, har bir burchagida bir oilaning hayoti mujassam.
Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinayotgan, sotuvga chiqarilayotgan ko‘p qavatli uylarning aksariyatida kadastr hujjatlari mavjud emasligi sir emas. Ammo yillar davomida yashab kelayotgan uyingiz bir kuni hujjatlarda sizniki ekani tasdiqlanmasachi? Ming mashaqqatlarda erishgan uyingizning kadastr hujjati yo‘qligi tufayli uni sotish, meros qoldirish yoki o‘z huquqingizni himoya qilishda qiyinchilikka duch kelishingiz mumkin.
Xo‘sh, kadastr hujjati yo‘q uylar taqdiri nima bo‘ladi?
Yillar davomida yashab kelingan xonadonni qonuniy rasmiylashtirish mumkinmi?
Eng muhimi, o‘z uyida yashayotgan inson o‘z huquqlarini qanday himoya qilishi kerak?
Davlat kadastrlari palatasi Bino va inshootlar davlat kadastrini yuritish boshqarmasi boshlig‘i Mahkambek Ahmedov mazkur savol yuzasidan quyidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
—O‘zbekistonda uylarni kadastrlash — bu uy va unga tegishli yer uchastkasi haqidagi ma’lumotlarni rasmiylashtirish, ob’ektni o‘lchash, texnik hujjatlarni tayyorlash va ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonidir. Lekin kadastr hujjati yo‘q uylarni kadastrlash, avval kadastrdan o‘tgan uylarning ma’lumotlarini yangilash va o‘zboshimchalik bilan qurilgan uylarni qonuniylashtirish — bir-biridan farq qiladigan jarayonlar. Uylarning kadastr hujjatlarini ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida tegishli talablar belgilab qo‘yilgan.
Qayd etish lozimki, fuqaroda “ob’ektni qurib, yakuniga yetkazib keyin xatlovdan o‘tkazaman, egalik huquqini olaman”, degan tushuncha bo‘lishi mumkin emas. Qonunchilikka asosan vakolatli tashkilotlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xatlov ishlari Davlat kadastrlari palatasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu xatlov jarayoni viloyat hokimliklarining takliflari asosida shakllantirilgan reja-jadvali asosida bajariladi. Tegishli organlardan ijobiy xulosa olingan taqdirda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishga ruxsat etiladi. Qonuniy asoslar mavjud bo‘lsa, uyga bo‘lgan huquq davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Ko‘p qavatli uylarning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 2-sentabrdagi tegishli qaroriga ko‘ra hamda “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
So‘nggi vaqtlarda yangi qurilgan uylarda kadastr hujjatlari chiqmayapti, degan vajlar ko‘paygan. Bu kabi holatlar qurilish tashkilotlari tomonidan inobatga olinishi kerak. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun qurilish sohasidagi tadbirkorlar tomonidan tegishli hujjatlar o‘z vaqtida taqdim qilinishi lozim.
Batafsil quyidagi videohavolada.
O‘zA muxbiri
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.