Akmal Burxonov: korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonlari korrupsiyaga imkon bermaydigan tizimga aylanadi
Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Asosiy maqsad – korrupsiya oqibatlari bilan kurashish emas, balki uning sabablarini bartaraf etish, davlat xizmatini xalqqa xizmat qilish tizimiga aylantirish va qonun ustuvorligini ta’minlashdir.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi:
– 2017-yilda «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi ushbu yo‘nalishdagi muhim qadam bo‘ldi. Bugunga qadar sohada 40 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, Prezident farmonlari bilan beshta davlat dasturi tasdiqlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham mustahkamlandi.
Milliy va hududiy kengashlar tashkil etildi, parlament nazorati kuchaytirildi. Ma’muriy islohotlar natijasida ijro etuvchi hokimiyat organlari soni 61 tadan 28 taga, vazirliklar soni 25 tadan 21 taga qisqartirildi.

Byurokratik to‘siqlarni kamaytirish maqsadida fuqarolar va tadbirkorlardan 18 turdagi ma’lumot va hujjatni talab qilish bekor qilindi. Raqamlashtirish natijasida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 800 dan ortiq, Davlat xizmatlari markazlari orqali esa 500 dan ortiq xizmat inson omilisiz ko‘rsatilmoqda.
Qurilish, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va davlat xaridlari kabi korrupsiyaviy xavfi yuqori sohalarda «Korrupsiyasiz soha» va «Korrupsiyasiz hudud» loyihalari amalga oshirildi. «Shaffof qurilish» tizimi joriy etildi, davlat xaridlarida elektron tender va tanlovlar yo‘lga qo‘yildi.
«Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida» va «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunlar davlat xizmatida halollik va mas’uliyatni kuchaytirdi. Davlat xizmatchilari uchun aniq talablar belgilanib, ishga qabul qilishda ochiq tanlov tizimi joriy etildi.
2025-yilda 381 nafar davlat xizmatchisining korrupsiyaga qarshi barqarorligi baholandi, 180 nafar rahbarlik nomzodi suhbatdan o‘tkazildi va 33 hududda kadrlar rotatsiyasi yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatdagi 196 davlat organi va tashkilotida 1 ming 680 nafardan ortiq mutaxassis korrupsiyaning oldini olish bilan shug‘ullanmoqda. 2025-yilda qariyb 5,5 mingta korrupsiyaviy omil aniqlanib, 794,8 milliard so‘m byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishining oldi olindi.
Davlat organlarining Ochiqlik indeksi joriy etildi va majburiy e’lon qilinishi lozim bo‘lgan 42 turdagi ma’lumot belgilab qo‘yildi. Qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va yoshlarda halollik madaniyatini shakllantirish mexanizmlari ham rivojlantirilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining roli ortib bormoqda. Jurnalistik surishtiruvlar va ochiq muhokamalar mansabdorlarning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini kuchaytirmoqda.
O‘zbekiston xalqaro hamkorlikni ham kengaytirmoqda. «Transparency International» indeksida so‘nggi o‘n yilda 37 pog‘ona yuqoriladi. «Open Data Inventory» reytingida 198 mamlakat orasida 12-o‘rinni egallab, Markaziy Osiyoda yetakchilik qilmoqda.
2025-yil 5-martda Prezident ishtirokida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa sifatida belgilandi.
Maishiy korrupsiyani kamaytirish maqsadida ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik, bank va kadastr sohalaridagi 2 ming 450 ob’ekt o‘rganildi. Natijada 148 nafar mansabdorga nisbatan ta’sir choralari ko‘rildi, 37 tuman va shaharda korrupsiyadan xoli hudud yaratish bo‘yicha «Yo‘l xaritalari» tasdiqlandi.
«Raqamli bozor» dasturi doirasida 281 bozor va 132 avtoturargoh raqamlashtirildi. Natijada o‘rtacha oylik tushum 13,4 milliard so‘mga, soliq tushumlari 2,8 milliard so‘mga oshdi.
Korrupsiyaga qarshi bilimlarni oshirish uchun «Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi» ishga tushirilib, 250 ta masofaviy o‘quv kursi tashkil etildi. 2025-yilda 57 ming 620 nafar davlat xizmatchisi malaka oshirdi. Ta’lim dasturlari orqali millionlab bolalar, o‘quvchilar va talabalar korrupsiyaga qarshi bilimlar bilan qamrab olindi.
Davlat xaridlarida raqobat va shaffoflikni kuchaytirish natijasida ma’muriy huquqbuzarliklar soni 2024-yildagi 1 ming 374 tadan 2025-yilda 1 ming 123 taga, ya’ni 18 foizga kamaydi.
NNTlarning korrupsiyaga qarshi loyihalari uchun har yili 10 milliard so‘m grant va ijtimoiy buyurtmalar ajratish belgilandi. Andijon viloyatida «Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasi doirasida iqtisod qilingan 42 milliard so‘m maktab tibbiyot muassasalari, elektr tarmoqlari, ichimlik suvi va yo‘llarni qurish hamda ta’mirlashga yo‘naltirildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiyani amalga oshirish, davlat organlarida Korrupsiyaga qarshi milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
«Raqamli komplayens» axborot tizimini ishga tushirish, sun’iy intellektdan foydalanish va hududlar hamda sohalar kesimida korrupsiyaviy xavflar xaritasini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.
Qonunchilikda korrupsiyaviy jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirildi, yuqori ijtimoiy xavfga ega jinoyatlar uchun jazoni yengillashtirish imkoniyatlari cheklandi. Komplayens xodimlarining mustaqilligi va xavfsizligi kafolatlandi. Korrupsiya haqida xabar beruvchilarni himoya qilish va davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish choralari kuchaytirilmoqda.
O‘zbekistonda 2027-yilda BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 12-konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu mamlakatning xalqaro hamkorlikdagi o‘rni va mas’uliyatini yanada oshiradi.
Umuman, korrupsiyaga qarshi islohotlar davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, raqamlashtirish, jamoatchilik nazorati va qonun ustuvorligini kuchaytirishga qaratilgan.
Asosiy maqsad – korrupsiya bilan kurashish jarayonlarini korrupsiyaga imkon bermaydigan tizimga aylantirish. Buning uchun davlat, jamiyat va har bir fuqaro halollikni qadrlashi, qonunlarga amal qilishi va korrupsiyaga nisbatan murosasiz bo‘lishi zarur.
Norgul Abduraimova,
O‘zA