"Kabar": Qirg‘iziston iqtisodiyotida o‘sish sur’atlari saqlanmoqda
Qirg‘iz Respublikasida joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyi yakunlariga ko‘ra, davlat byudjeti daromadlari rejadagidan yuqori bo‘ldi. Mamlakatning konsolidatsiyalashgan byudjeti yil oxiriga borib 1 trillion so‘mga yetishi mumkin.
Axborot hamkorimiz - “Kabar” AA xabariga ko‘ra, o‘lkada yanvar-sentabr oylarida davlat byudjeti daromadlari 608,1 milliard so‘mni tashkil etib, belgilangan rejadan 22,7 milliard so‘mga oshgan. Jumladan, Davlat soliq xizmati orqali 259,8 milliard so‘m, Davlat bojxona xizmati orqali esa 139 milliard so‘m mablag‘ tushgan.
Mamlakat iqtisodiyotida ham ijobiy o‘sish kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021–2025-yillarda Qirg‘iziston iqtisodiyoti qariyb 47 foizga o‘sgan. 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 11 foizdan oshgan. Shuningdek, joriy yilda mamlakatga kiritilgan investitsiyalar hajmi 709 million dollardan yuqori bo‘lgan.
Iqtisodiy faollik infratuzilma va ishlab chiqarish sohalaridagi loyihalarda ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, 2025-yilda mamlakat bo‘ylab 341 ta infratuzilma ob’ekti foydalanishga topshirilgan. Joriy yilda esa 100 dan ortiq ijtimoiy ob’ekt va 60 ta ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilgan.
Ekspertlar fikricha, yil yakuniga qadar daromadlar o‘sishini saqlab qolish, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish va investitsiya loyihalarini izchil amalga oshirish mamlakat iqtisodiy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Mamatov, O‘zA