Jorje Jezush Portugaliya terma jamoasini boshqarishi kutilmoqda
Portugaliya Ispaniya milliy terma jamoasiga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgach, Roberto Martines uch yillik faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etishini e’lon qilgan edi.
71 yoshli mutaxassis Jorje Jezush Portugaliya milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyiga aylanishi kutilmoqda.
A Bola nashri xabariga ko‘ra, u Portugaliya futbol federatsiyasining asosiy nomzodi hisoblanadi. Jezush terma jamoani Yevro–2028 hamda Portugaliyada bo‘lib o‘tadigan 2030-yilgi jahon chempionatiga tayyorlashi rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, murabbiy avvalroq Krishtianu Ronaldu bilan Al-Nasrda birga ishlagan. 2025/26 yilgi mavsumda jamoa mamlakat chempioniga aylangan, shundan so‘ng Jezush klubni tark etgan. U o‘shanda jamoani Ronalduning «Al-Nasr» safidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritishiga yordam berish uchun qabul qilganini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, JCH–2026 1/8 finalida Portugaliya Ispaniya milliy terma jamoasiga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgach, Roberto Martines uch yillik faoliyatidan so‘ng lavozimini tark etishini e’lon qilgan edi.
Mazkur uchrashuvdagi yagona gol muallifi Mikel Merino bo‘lgan bo‘lsa, o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb Rodri topildi.