Jizzaxlik “Eng yaxshi suvchi kitobxon”
Suvchilarni odatda kanallar bo‘ylab yurib, dalalarga hayot suvini yetkazayotgan, har bir tomchining hisob-kitobini biladigan mehnatkash insonlar sifatida tasavvur qilamiz. Jizzaxda o‘tkazilgan “Eng yaxshi suvchi kitobxon” respublika tanlovi ana shu olam eshigini ochdi.
Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi binosida bo‘lib o‘tgan ushbu tanlovning viloyat bosqichida suv xo‘jaligi tizimi xodimlari o‘z kasbiy bilimlari bilan emas, kitobdan olgan ma’naviy boyligi, adabiy didi va tafakkuri bilan o‘zaro bellashishdi.
Tanlovga kelganlarning qo‘lida suv o‘lchagich yoki ish quroli emas, kitob bor edi. Bir qarashda oddiydek tuyulgan bu manzaraning o‘zi katta ma’no kasb etadi. Chunki kun bo‘yi ariq va kanallar, gidrotexnik inshootlar, dalalar va suv taqsimoti bilan band bo‘lgan insonning bo‘sh vaqtida badiiy asar mutolaasiga yuzlanishi — uning ma’naviy ehtiyojidan darak beradi.

Bellashuv jarayonida ishtirokchilar badiiy adabiyot, suv xo‘jaligi sohasiga oid asarlar va turli ma’rifiy mavzular bo‘yicha bilimlarini namoyon etishdi. Bu yerda kitobning soni emas, uning inson qalbi va tafakkurida qoldirgan izi muhim edi. Asar qahramonlarini eslash, adib fikrini anglash, o‘qilgan kitob haqida mustaqil mulohaza yuritish — suvchilarning kitob bilan munosabati shunchaki havas emasligini ko‘rsatdi.

Ayniqsa, tanlovning o‘ziga xos jihati shundaki, unda adabiyotni kasbidan ayro holda tasavvur qilmaydigan insonlar emas, kundalik mehnati suv bilan bog‘liq oddiy xodimlar ishtirok etishdi. Demak, kitobxonlikning chegarasi yo‘q: u idora, kasb yoki lavozim tanlamaydi. Kitobga mehr bor joyda ma’rifatga ehtiyoj ham bor.

Bu jihat bugun mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor bilan hamohang. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida 2026–2030-yillarda aholining kitobxonlik darajasini yiliga o‘rtacha 10 ta kitobga yetkazish maqsad qilingan. Hujjatda davlat organlarida “Kitob burchaklari” tashkil etish, xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati”ni yo‘lga qo‘yish, har yili kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni o‘zbek tiliga tarjima qilish kabi vazifalar ham belgilangan. Bugun turli sohalarda ushbu vazifalar ijrosiga qaratilgan kitob yarmarkalari, mutolaa tadbirlari va tanlovlar tashkil etilayotgani esa qarorda belgilangan maqsadlarning hayotdagi amaliy ifodasidir. Prezidentimizning 2026-yil 22-maydagi Milliy kitobxonlik harakatiga start berish marosimida kitobxonlik millatning ma’naviy qudrati va mamlakat raqobatbardoshligini ta’minlaydigan muhim omil sifatida baholandi.

Jizzaxdagi tanlov ham shu katta harakatning muayyan bir kasb vakillari orasidagi ko‘rinishi bo‘ldi. Faqat bu yerda bir jihat alohida e’tiborga loyiq: kitobxonlik haqida gap ketganda ko‘pincha ziyolilar, o‘qituvchilar, talabalar yoki yoshlar ko‘z oldimizga keladi. Suvchilar esa bu tasavvurni o‘z ishtiroki bilan kengaytirdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, birinchi o‘rin Sharof Rashidov tumani “Suv yetkazib berish xizmati” davlat muassasasi xodimi Yulduz Muhammadiyevaga nasib etdi. “Uchtom” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi xodimi Shahzod Ahmedov ikkinchi, Janubiy Mirzacho‘l magistral kanalidan foydalanish boshqarmasi xodimi Madina Qosimova uchinchi o‘rinni egalladi.

Endi viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan Yulduz Muhammadiyeva respublika tanlovida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladi. Uning bu bosqichga yo‘l olishi esa birgina g‘olibning yutug‘i emas. Bu — suv xo‘jaligida mehnat qilayotgan minglab insonlar orasida ham kitobni qadrlaydigan, mutolaani hayotining ajralmas qismi deb biladigan kishilar borligining o‘ziga xos e’tirofidir.
Kun bo‘yi suvning yo‘lini ochib, dalalarga hayot bag‘ishlayotgan inson kechqurun kitob sahifasini ochar ekan, uning mehnati bilan ma’naviy dunyosi o‘rtasida ajralmas bir uyg‘unlik namoyon bo‘ladi. Zero, suv inson tanasiga hayot bersa, kitob uning tafakkuriga kuch bag‘ishlaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri