Qalbaki aksizli mahsulotlarga chek qo‘yildi
Qonun ustuvorligini ta’minlash, ichki bozorni sifatsiz va qalbaki mahsulotlardan himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini muhofaza etish hamda soliq va bojxona to‘lovlarini qonuniy tarzda undirish mamlakatimizda olib borilayotgan tizimli ishlarining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Ayniqsa, alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasi nafaqat iqtisodiy zarar keltiradi, balki aholi salomatligi va jamiyat xavfsizligiga ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Shu bois bunday holatlarning oldini olish, yashirin savdo kanallarini aniqlash va noqonuniy mahsulotlarni muomaladan chiqarishga qaratilgan tezkor tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda. Navbatdagi shunday tadbir Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida o‘tkazildi.
Departamentning G‘ijduvon tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro Sh.S.ning “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi xonadoni tekshirildi.
Tadbir jarayonida mazkur xonadonda sotish maqsadida 17 turdagi 313 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlari hamda 470 quti tamaki mahsulotlari saqlab kelinayotgani aniqlandi. Qonunbuzarlik holatiga oid mahsulotlar belgilangan tartibda ashyoviy dalil sifatida olindi.

Bu holat noqonuniy mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslar o‘z faoliyatini turli yashirin usullarda amalga oshirishga urinsa-da, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining tezkor tadbirlari natijasida bunday harakatlar fosh etilayotganini ko‘rsatadi.
Qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarining muomalaga chiqarilishi, eng avvalo, iste’molchi xavfsizligiga daxl qiladi. Chunki mahsulotning qayerda va qanday sharoitda ishlab chiqarilgani, uning tarkibi va sifati kafolatlanmagan holda aholiga taklif etilishi jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi esa belgilangan tartibdagi nazorat mexanizmlarini chetlab o‘tish, davlat byudjetiga tushishi lozim bo‘lgan mablag‘larni yashirish va qonun bilan belgilangan savdo talablarini buzishga olib keladi. Shu nuqtai nazardan, ushbu tadbir natijasida aniqlangan mahsulotlarning muomalaga chiqarilishining oldi olingani muhim ahamiyatga ega. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Ayni paytda vakolatli organlar tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Holatning barcha tafsilotlari, mahsulotlarning kelib chiqishi, ularni saqlash va sotish maqsadi hamda mazkur faoliyatga aloqador boshqa holatlarga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Albatta, tergov davomida qonunbuzarlikning barcha jihatlariga huquqiy baho beriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri