Jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda
Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida Komplayens kengashining uchinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Komplayens kengashi – moliyaviy tizimda xavflarni bartaraf etish, nazorat tizimini mustahkamlash, xavflarni aniqlash va tashkilotlarning ichki nazorat tizimini kuchaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keluvchi nazorat mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan ekspertlar maydoni hisoblanadi.
Tadbirda Departament, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Raqobat qo‘mitasi, tijorat banklari va boshqa xususiy tashkilotlardan yuz nafar mas’ul xodim ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida tashkilotlarning mas’ul xodimlari tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ijobiy tajribalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhiga a’zo davlatlarning komplayens xizmatlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan xalqaro tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan tijorat banklari taqdimotlar bilan ishtirok etdi.
Tadbir yakunida Komplayens kengashining joriy yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlari belgilab olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA