“Jibek” spektakli Andijon sahnasida namoyish etildi
Andijon shahrida o‘tkazilayotgan IV TURKSOY xalqaro teatr festivali doirasida Bobur nomidagi viloyat musiqali drama teatri sahnasida Qozog‘iston teatr jamoasi ijrosidagi “Jibek” musiqali spektakli namoyish etildi.
Qozoq xalqining mashhur “Qiz Jibek” eposi asosida sahnalashtirilgan asarda muhabbat va sadoqat, milliy qadriyatlar hamda inson taqdiri bilan bog‘liq voqealar badiiy talqin etilgan. Spektakl Jibek va To‘leganning muhabbat tarixi, ularning orzu-intilishlari va fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi.
Sahna asarida qozoq xalqining milliy musiqasi, urf-odatlari va teatr an’analari zamonaviy badiiy yechimlar bilan uyg‘unlashgan. O‘ziga xos sahna bezaklari, milliy liboslar, musiqiy kompozitsiyalar va aktyorlarning ta’sirchan ijrosi spektaklning badiiy jozibadorligini oshirdi.
Tomosha davomida qahramonlarning ichki kechinmalari, muhabbat va sadoqat yo‘lidagi kurashi sahna harakatlari va musiqa orqali ochib berildi.
[gallery-32077]
Mazkur spektaklning xalqaro festival doirasida namoyish etilishi turkiy xalqlarning boy madaniy merosini keng targ‘ib qilish, mushtarak qadriyatlarni asrab-avaylash va teatr san’ati orqali madaniy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA