So‘nggi yillarda tasviriy san’atga, xususan, rassomlar ijodiga bo‘lgan e’tibor tobora ortib bormoqda
Mamlakatimizning turli shaharlaridagi ko‘rgazma zallarida namoyish etilayotgan ijod namunalari san’at ixlosmandlarini o‘ziga jalb etmoqda. Ana shunday e’tiborga molik madaniy voqealardan biri — Toshkent fotosuratlar uyida bo‘lib o‘tdi.
“Cho‘qqilardagi sehrli olam” deb nomlandi ko‘rgazma tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on shahrida oddiy xizmatchi oilasida voyaga yetgan iste’dodli rassom Komiljon Qambarovning 65 yillik yubileyiga bag‘ishlangan mazkur ko‘rgazmaning ochilishida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi rahbarlari, madaniyat arboblari, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari, Namangan viloyatining Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Komiljon Qambarov kam uchraydigan va o‘ziga xos mahorat talab etadigan akvarel san’ati yo‘nalishida ijod qiladi. Uning asarlarida tabiatning betakror go‘zalligi, tog‘ manzaralarining maftunkorligi va ona yurtga bo‘lgan mehr ifodasi aks ettirilgan. Ayniqsa, Namanganning so‘lim qishloqlari va Nanay tog‘lari manzaralari rassom ijodida alohida o‘rin tutadi. Shuningdek, u maishiy janrda ham asarlar yaratib, hayotning oddiy, ammo mazmunli lahzalarini mahorat bilan tasvirlaydi.
[gallery-32115]
Akvarel — nozik did, sabr-toqat va yuksak mahorat talab etadigan san’at turi. Rassomning ta’kidlashicha, suv va bo‘yoq bilan ishlash jarayonida har bir chiziq, har bir rang muhim ahamiyatga ega. Yo‘l qo‘yilgan kichik bir xato ham asarning dastlabki niyati va ko‘zlangan natijasiga ta’sir qilishi mumkin. Shu bois akvarelda ijod qilish rassomdan katta tajriba, aniqlik va ranglar uyg‘unligini his etish qobiliyatini talab etadi. Yaqinda turkiyalik rassomlar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlarda O‘zbekiston akvarelchi rassomlarini birlashtirish, ular uchun ijodiy guruh tashkil etish va xalqaro miqyosda do‘stona hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. Bunday tashabbuslar milliy akvarel san’atimizni keng targ‘ib etish, ijodkorlar o‘rtasida tajriba almashish va yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi mumkin. Komiljon Qambarovning “Cho‘qqilardagi sehrli olam” nomli ko‘rgazmasi nafaqat rassomning ko‘p yillik ijodiy izlanishlari samarasi, balki yurtimiz tabiati va go‘zalligini san’at orqali namoyon etishga bo‘lgan intilishining ham yorqin ifodasidir. San’at — qalblar o‘rtasidagi ko‘prik. Akvarel esa suv va ranglar orqali ana shu qalb tuyg‘ularini qog‘ozda jonlantiradi.
Munira Ramazonova,Oybek Pardayev, O‘zA