Jazodan ozod etilgan ayollar holidan xabar olindi
Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Malika Mamadiyarova mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan birgalikda jazodan ozod etilgan fuqarolarning ijtimoiy ahvolini o‘rganish maqsadida ularning xonadonlariga tashrif buyurdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-martdagi “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, respublika bo‘yicha 392 nafar shaxs afv etildi. Ularning 15 nafari navoiyliklar. Ozod etilganlar orasida ikki nafar ayol ham bor.

Uchrashuvlar davomida ozod etilgan fuqarolarning turmush sharoiti, bandligi, kelgusidagi rejalari hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari atroflicha o‘rganildi.
Unda Navbahor tumani Ko‘hron mahallasida istiqomat qiluvchi K.N. bilan muloqot o‘tkazildi. U Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi (odam savdosi) bilan javobgarlikka tortilib, bir yarim yil davomida jazoni o‘tagan. Amnistiya asosida u jazoni ijro etish muassasasidan ozod etildi.

Shuningdek, Karmana tumanida yashovchi, 21 yoshli S.A. ham ushbu modda bilan ayblanib, bir yil davomida jazo o‘tagan.
Mutasaddilar tomonidan ularni jamiyatga qayta moslashtirish, ish bilan ta’minlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Bugungi kunda amnistiya bilan ozod etilgan fuqarolarni jamiyatga qaytarish, ularning bandligini ta’minlash va qayta ijtimoiylashuviga ko‘maklashish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Zero, har bir insonga ikkinchi imkoniyat berish jamiyatning ma’naviy yuksalishi va insonparvarlik tamoyillarining yorqin ko‘rinishidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri