“Jasorat maktabi”: jismoniy hamda ma’naviy chiniqish maydoni
Ona yurtga munosib farzand bo‘lish, uning tinchligi, ravnaqi va kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur his etish yosh avlod tarbiyasining eng muhim mezonlaridan biridir.
Ana shu ezgu maqsadlar mujassam bo‘lgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining Nukus garnizonida joylashgan Ma’naviyat va ma’rifat markazida tashkil etildi.
Nukus shahridagi umumta’lim maktablari negizida faoliyat yuritayotgan “Jasorat maktabi” o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan “Va’da berish” marosimi yoshlarning qalbida Vatanga muhabbat, milliy g‘urur, qat’iyat va yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
[gallery-31972]
Tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘mondoni, Milliy gvardiya boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xodimlari hamda o‘quvchi yoshlarning ota-onalari ishtirok etishdi. Marosim davomida yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, xalq manfaatlariga xizmat qilish, milliy qadriyatlarni e’zozlash va ajdodlar merosiga munosib bo‘lish kabi yuksak fazilatlarning mazmuni yanada teran namoyon bo‘ldi.
“Jasorat maktabi” o‘quvchilari uchun ushbu marosim o‘z ustida tinimsiz ishlash, bilim va salohiyatini oshirish, jismoniy hamda ma’naviy chiniqish, yurt tinchligi va xalq farovonligiga daxldorlikni his etish yo‘lidagi muhim ruhiy turtki berdi. Ayniqsa, harbiy xizmatchilarning safdagi aniqligi, o‘zaro hamjihatligi, intizomi va jismoniy tayyorgarligi yoshlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qildi. Qo‘l jangi ustalarining mahorati esa kuch, chaqqonlik, iroda va muntazam mashg‘ulotlar orqali shakllanadigan matonatning yorqin ifodasi bo‘ldi.
“Va’da berish” tadbiri yoshlarni ezgu maqsadlar sari ruhlantiradigan, qalblarda Vatanga muhabbat va xalq oldidagi mas’uliyatni mustahkamlaydigan ma’naviy-ma’rifiy voqea bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari