Ta’lim muassasalarida nogironligi bo‘lgan bolalar uchun zarur sharoitlar yaratish dolzarb masala
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda partiya guruhi rahbari Baxtiyor Tashev, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi shu’ba mudiri Nurbek Ulug‘berdiyev so‘zga chiqib, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy xizmatlar va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlash, ularning sifatli ta’lim olishi hamda munosib ish bilan bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda viloyatdagi umumta’lim maktablarida 261 nafar nogironligi bo‘lgan o‘quvchi ta’lim oladi. Ularning 237 nafari aqliy rivojlanishda, 15 nafari eshitishda, 7 nafari tayanch harakatida va 2 nafari ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilar hisoblanadi. Joriy yilda viloyatdagi inklyuziv maktablarda qulay va to‘siqsiz muhit yaratish hamda ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida jami 4,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.
Muhokamalarda inklyuziv ta’limni rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ta’lim muassasalarida zarur sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, inklyuziv ta’lim joriy etilgan maktablarda to‘siqsiz muhitni shakllantirish, panduslar va moslashtirilgan sanitariya xonalarini tashkil etish, korreksion mashg‘ulotlar uchun zarur jihozlar bilan ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni malakali pedagoglar va mutaxassislar ko‘magida ta’limga jalb etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya vositalari bilan o‘z vaqtida ta’minlash, ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va ularning mehnat faoliyatida ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Yig‘ilish yakunida mavjud muammolarni bartaraf etish, inklyuziv ta’lim sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish bo‘yicha kelishib olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri