100 million dollarlik investitsiya istiqboli
Bugungi kunda dunyoda shahar va hududlarning iqtisodiy qudrati nafaqat mavjud imkoniyatlar, balki ularni qay darajada ishga solish, xorijiy sarmoyani jalb etish va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish bilan ham belgilanmoqda. Ayniqsa, tarixiy merosi, boy madaniyati va ulkan sayyohlik salohiyati bilan jahonga tanilgan Buxoro uchun turizmni yangi bosqichga olib chiqish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini o‘zaro uyg‘un rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlat rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda qulay investitsiya muhitini yaratish, xorijiy sarmoyadorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish va aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqib, zamonaviy loyihalarni amalga oshirish, iqtisodiyotga yangi texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni olib kirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Buxoro viloyatida ham ana shu maqsadlar yo‘lida izchil ishlar olib borilmoqda. Viloyatning xalqaro turizm markazi sifatidagi mavqeini mustahkamlash, sayyohlar uchun yangi manzillar yaratish, sanoat va logistika infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar shular jumlasidandir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, viloyat hokimi Botir Zaripovning Xitoyning China Wanjun International kompaniyasi rahbari Son Venchjen bilan uchrashuvi muhim ahamiyat kasb etdi. Muloqot davomida Buxoroda umumiy qiymati 100 million AQSH dollariga teng bo‘lgan ikkita yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish tashabbuslari taqdim etildi.
2017-yilda Xitoy Xalq Respublikasining Sindao shahrida tashkil etilgan China Wanjun International kompaniyasi madaniy-turistik loyihalar va sanoat parklarini kompleks rivojlantirishga ixtisoslashgan. Kompaniya loyihalarni rejalashtirish, qurilish jarayonlarini tashkil etish, sifat va xarajatlarni boshqarish, ob’ektlarni ekspluatatsiya qilish hamda investitsiyalarni boshqarish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Taqdimotda kompaniyaning Xitoydagi yirik developerlar, jumladan, Vanke va Greentown bilan hamkorlik aloqalari ham qayd etildi.
Uchrashuvda kompaniya vakillari tomonidan Buxoro viloyatida zamonaviy akvapark va ko‘p funksiyali kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha investitsiya taklifi ilgari surildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihaga 40 million AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbusning o‘ziga xos jihati shundaki, rejalashtirilayotgan majmua oddiy suv havzalari yoki mavsumiy dam olish maskani bilan cheklanib qolmaydi. Unda ochiq havoda faoliyat yuritadigan, suvi isitiladigan akvapark, mavzuli savdo hududi hamda kurort tipidagi turar joy majmuasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bunday yondashuv dam olish, savdo-sotiq va yashash uchun zarur sharoitlarni yagona hududda mujassamlashtirish imkonini beradi. Eng muhimi, suvi isitiladigan akvapark konsepsiyasi yilning turli fasllarida ham tashrif buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini o‘rganishga asos bo‘ladi.
Bugun sayyohlar sayohat yo‘nalishini tanlashda nafaqat tarixiy obidalar, balki qulay mehmonxona, oilaviy dam olish, zamonaviy ko‘ngilochar maskanlar va sifatli xizmatlarga ham e’tibor qaratadi. Shu ma’noda, Buxoroda zamonaviy akvapark va kurort majmuasini tashkil etish tashabbusi viloyat turizm infratuzilmasini diversifikatsiya qilish, sayyohlarning hududda qolish muddatini uzaytirish va xizmatlar turini kengaytirish imkoniyatlarini yuzaga chiqarishi mumkin. Bunday majmua mahalliy aholi bilan bir qatorda, mamlakatimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar va sanoat parklarida faoliyat yurituvchi mutaxassislarga ham xizmat ko‘rsatishi nazarda tutilmoqda.
Uchrashuvda muhokama qilingan ikkinchi yirik tashabbus esa transchegaraviy ta’minot zanjirlariga ixtisoslashgan sanoat parkini tashkil etish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu loyihaga 60 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Sanoat parkini tashkil etish tashabbusi ishlab chiqarish, tovarlarni saqlash, taqsimlash va logistika jarayonlarini o‘zaro bog‘lash imkoniyatlarini o‘rganishni nazarda tutadi.
Zamonaviy iqtisodiyotda sanoat parki faqat ishlab chiqarish korxonalari joylashadigan hudud emas. U xomashyo yetkazib berish, mahsulot ishlab chiqarish, saqlash, tashish va tashqi bozorlarga chiqarish jarayonlarini bir tizimga birlashtiruvchi infratuzilma vazifasini ham bajarishi mumkin.
Buxoro viloyatining geografik joylashuvi, iqtisodiy imkoniyatlari va tadbirkorlik salohiyatini inobatga olganda, bunday loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, ishlab chiqarish va logistika imkoniyatlarini kengaytirish mahalliy korxonalar faoliyatini rivojlantirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi mumkin.

Kompaniya taqdimotida akvapark va kurort majmuasi bilan sanoat parkini o‘zaro yaqin hududlarda joylashtirish taklifi ham bildirildi. Bu orqali turizm, savdo, yashash va sanoat infratuzilmasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilmoqda. Shu tariqa, umumiy qiymati 100 million AQSH dollari bo‘lgan ikki tashabbus Buxoro iqtisodiyotining turli yo‘nalishlarini qamrab oladi. Bir tomondan, zamonaviy dam olish va sayyohlik xizmatlari rivojlantirilishi ko‘zda tutilsa, ikkinchi tomondan, ishlab chiqarish va logistika imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ilgari surilmoqda. Albatta, yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faqat sarmoya miqdori yoki taqdim etilgan konsepsiya bilan cheklanib qolish mumkin emas. Ularning iqtisodiy samaradorligi, moliyaviy barqarorligi, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyoji va hudud rivojiga ta’siri puxta hisob-kitoblar asosida baholanishi zarur. Shu bois uchrashuv davomida loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq qator muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, talab etiladigan yer maydoni, ob’ektlarning aniq joylashuvi, moliyalashtirish manbalari, investorning o‘z mablag‘lari ulushi, ishlarni amalga oshirish muddatlari va bosqichlari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, akvaparkning texnik quvvati, tashrif buyuruvchilarni qabul qilish salohiyati, suv va energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoji, yaratilishi mumkin bo‘lgan yangi ish o‘rinlari hamda kutilayotgan soliq tushumlarini aniq hisob-kitoblar bilan asoslash zarurligi ta’kidlandi.
Kompaniyaning shu kabi loyihalar bo‘yicha amaliy tajribasi va ilgari amalga oshirgan ishlari haqidagi ma’lumotlarni o‘rganish, taklif etilayotgan tashabbuslarning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini aniqlash ham muhim vazifalar sifatida belgilab olindi. Bu yondashuv investitsiyalarni jalb etish jarayonida puxta rejalashtirish, manfaatdor tomonlarning mas’uliyati va kelgusidagi natijalarni oldindan baholashga alohida ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri